Hukumatning “Transport sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda ilmiy va innovatsion faoliyat tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, prezidentning tegishli farmoni bilan Transport vazirligi huzurida Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tashkil etildi.
Institut vazirlik huzuridagi Avtomobil transporti xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda o‘zining temir yo‘llariga ega bo‘lgan yuridik shaxslarning temir yo‘l transporti xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash markazi negizida ta’lim muassasasi shaklida tashkil etildi.
Endilikda transport sohasi kadrlari vazirlik tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejasi va dasturlari asosida har uch yilda kamida bir marta malaka oshiradi.
Elektromobillarni boshqaruvchi haydovchilarning malaka oshirish o‘quv kurslari dasturlari bo‘yicha mustaqil tayyorgarlik ko‘rgan va imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganlarga ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat beriladi.
Shuningdek, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan yakuniy imtihonlar Transport vazirligi tomonidan yaratilgan maxsus elektron platformada topshiriladi.
Hujjat bilan, transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Uning asosiy vazifalari quyidagilar:
- kadrlar hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
- sohada innovatsion, fundamental va amaliy tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish hamda natijalarini amaliyotga joriy etish;
- o‘quv-uslubiy metodik majmualar ishlab chiqilishini va joriy etilishini tashkil etish.
Shuningdek, bular qatoriga mutaxassislar uchun uzluksiz va kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil qilish, qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlarini monitoring qiluvchi yagona elektron platformani yaratish va joriy etish ham kiritilgan.
Avvalroq O‘zbekiston transport va yo‘l xo‘jaligi sohasida Koreya bilan hamkorlik qilishi haqida xabar berilgandi.