Yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston Qozog‘istondan bug‘doy importini besh yil ichida rekord darajaga ko‘tardi, deya xabar bermoqda “APK-Inform” rasmiy statistik ma’lumotlarga tayanib.

Sakkiz oy yakunlariga ko‘ra, Qozog‘iston bug‘doyining O‘zbekistonga yetkazib berish hajmi 3,88 mln tonnani tashkil etdi.

Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning yarmidan ko‘pini tashkil etdi va oxirgi besh yilgi g‘alla mavsumi uchun rekord ko‘rsatkich edi.

Birgina avgust oyida O‘zbekistonga 277,15 ming tonna bug‘doy yetkazib berilgan bo‘lsa, o‘tgan yilning avgust oyida bu ko‘rsatkich 117,44 ming tonnani tashkil etgan edi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston umumiy bug‘doy eksportining deyarli yarmini Qozog‘istondan sotib olgan.

Shunday qilib, Qozog‘istondan eksport qilingan bug‘doy umumiy hajmining yarmi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keldi. Masalan, 2022-yilda bu ko‘rsatkich atigi 45%ni tashkil etgan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, sakkiz oy ichida O‘zbekistonga $2,27 mlrdlik oziq-ovqat mahsulotlari import qilingan, ko‘rsatkich 8,7%ga oshgan. Xususan, don yetkazib berish qariyb 20%ga oshib, $768,1 mlnni tashkil etdi.


Avvalroq Qishloq xo‘jaligi vazirligi un narxi oshishi bo‘yicha munosabat bildirgandi.

Buning sabablaridan biri, Rossiya va Qozog‘istondan kirib kelayotgan mahsulot aylanmasi xorijiy valyutada amalga oshirilishi natijasi hisoblanadi.

Bundan tashqari, Qozog‘iston tomoni un tegirmonlarida mavsumiy texnik ko‘rik va sanitar tozalash ishlariga korxonalarini 15 kunga profilaktikaga yopishi haqidagi e’lon ham mazkur sigmentda narx beqarorligini keltirib chiqaruvchi omillardan biri bo‘ldi.

“Bu har yili bo‘ladigan mavsumiy tebranish hisoblanib, o‘tgan yilning mos davrida ham mazkur holat kuzatilgan. 20 kunlik hisobotda narxlar nafaqat o‘z joyiga qaytgan, balki, tushish tendensiyasini ham ko‘rsatgan. Buni bozorimizdagi vaziyat tahlili ham tasdiqlaydi”, deyiladi xabarda.

Qozog‘iston ichki bozorida narx oshgan va bu g‘alla o‘rimi boshlanayotgani bilan izohlanadi. Ya’ni o‘rimga qadar omborlarda qolgan bug‘doy sotuvda kamaygan. Bundan rossiyalik treyderlar ham foydalanib, vaqtinchalik imkoniyatlar darchasida narxlarni oshirdi.