“Wildberries” kompaniyasi Toshkent viloyatida logistika markazini quradi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga ma’lum qildi.
Bu bo‘yicha, Qozonda o‘tkazilgan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik forumida viloyat hokimi Zoir Mirzayev hamda “Wildberries"ning xalqaro rivojlantirish bo‘yicha direktori Rafayel Abramyan tomonidan memorandum imzolandi.
Bu kompaniyaning Rossiyadan tashqaridagi eng yirik logistika markaziga aylanishi va O‘zbekiston rezidentlari uchun 7500dan ortiq ish o‘rnini yaratishi mumkinligi qayd etilgan.
Logistika markazining ochilishi 2025-yilga mo‘ljallangan bo‘lib, hozirda kompaniya qurilish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini va zarur loyiha hujjatlarini tayyorlamoqda.
Bundan tashqari, rejalashtirilgan maydon 150 ming kvadrat metrdan ortiq, viloyat hokimligi loyiha uchun 29,4 gektar yer maydoni ajratadi. Onlayn platforma logistika inshooti qurilishiga qariyb $140 mln investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.
“Bu mamlakat va kompaniya uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan loyiha bo‘lib, O‘zbekistonda onlayn-tijoratni rivojlantirishga hissa qo‘shadi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni ham mamlakat ichida, ham xorijda mahsulot sotishda qo‘llab-quvvatlaydi”, — dedi “Wildberries"ning xalqaro rivojlantirish bo‘yicha direktori Rafayel Abramyan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi markaz ishga tushgach, O‘zbekiston tadbirkorlari logistika xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishi va o‘z biznesini kengaytirishga, “Wildberries” onlayn platformasida mahalliy mahsulotlar uchun yangi bozorlarni ochishga sarmoya kiritishlari mumkin bo‘ladi.
O‘tgan yilning noyabr oyida kompaniyaning O‘zbekistonda birinchi savdo-logistika markazini barpo etishi ma’lum qilingandi.
Joriy yilning may oyiga kelib, Toshkent viloyatida 1122 kvadrat metr maydonga ega saralash markazi ochildi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay esa, Savdo-sanoat palatasi bilan Farg‘ona viloyatida logistika markazini ochishga kelishildi.
Buning uchun Uchko‘prik tumanidagi “Boboshbek” ishlab chiqarish-logistika va savdo majmuasi hududida 3200 kv.metr ombor binosi ajratib beriladi.
“Wildberries” 2022-yil 14-fevralda Toshkentda birinchi tarqatish punktini ochdi. Platforma asoschisi Tatyana Bakalchuk “juda istiqbolli bozor” deb atagan O‘zbekiston kompaniya uchun 20-mamlakat bo‘ldi.
2022-yil yozidan boshlab marketpleys mahalliy hamkorlar bilan hisob-kitoblarda so‘mga o‘tdi.
Avvalroq O‘zbekistonda “Ozon” onlayn savdo platformasining logistika markazi ochilishi haqida xabar berilgandi.