Joriy yilning iyun oyida Davlat daromadiga olingan mol-mulklarni “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni orqali sotish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.
Xususan, mazkur do‘kon “E-auksion” elektron savdo platformasida joriy yilning 1-sentabridan joriy etilishi belgilangandi.
Hukumatning tegishli qarori bilan Davlat daromadiga olingan mol-mulklarni soddalashtirilgan auksion tamoyillari asosida “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni orqali sotish tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining davlat daromadiga olingan mol-mulklarni soddalashtirilgan auktsion tamoyillari asosida sotish maqsadida “E-auksion” elektron savdo platformasida “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Qayd etilishicha, oziq-ovqat mahsulotlari, avtomototransport, ko‘chmas mulk va qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa mulkiy huquqlar bundan mustasno.
Qaror bilan davlat daromadiga olingan mol-mulklarni soddalashtirilgan auktsion tamoyillari asosida “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni orqali sotish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, “E-auksion” elektron savdo platformasida ro‘yxatdan o‘tish, buyurtma yaratish va savdo o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarnomani joylashtiriladi.
Shuningdek, quyidagi tartiblar belgilandi:
- “E-auksion shop” elektron savdo do‘konida soddalashtirilgan auktsion tamoyillari asosida savdolarni tashkil etish va o‘tkazish;
- “E-auksion shop” elektron savdo do‘konida takroriy savdolarni o‘tkazish;
- savdo g‘olibi (salohiyatli g‘olib) bilan hisob-kitob qilish va zakalat pulini qaytarish.
Savdoda ishtirok etish uchun buyurtmachi va ijrochi savdo platformasida ro‘yxatdan o‘tadi.
Ro‘yxatdan o‘tgan buyurtmachi va ishtirokchiga savdo platformasida shaxsiy kabinet ochiladi.
Savdoda ishtirok etish uchun zakalat puli mol-mulk boshlang‘ich narxining 5%i miqdorida belgilanadi va tegishli miqdordagi mablag‘ operatorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Avvalroq “Spot” Yangi Toshkentdagi yer uchastkalari E-auksion orqali sotilishi haqida yozgandi.