Avvalroq “Humo” kartalaridan to‘lov va pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda cheklovlar kuzatilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. 4-oktabr kuni kompaniya bunga SMS-xabarnoma xizmatida yuzaga kelgan muammolar sababligini bildirdi.
Undan keyin, to‘lov tizimi mazkur xizmat bilan bog‘liq barcha nosozliklar bartaraf etilganini hamda mobil ilovalardagi to‘lovlar va o‘tkazmalar odatiy ravishda ishlayotganini ma’lum qildi.
Garchi shunday bo‘lishiga qaramasdan, xizmat bilan muammoalar kuzatildi. Bundan tashqari, ayrim savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida terminal egalari tomonidan to‘lov tizimi bir necha kundan buyon ishlamayotganini ro‘kach qilib, xaridorlardan to‘lov uchun “Humo” kartasini qabul qilishni rad etish holatlari uchrayotgani ma’lum bo‘ldi.
Kompaniya “Humo” kartalardagi amaliyotlar bilan bog‘liq qiyinchiliklar faqat bank va to‘lov ilovalarida kuzatilganini, bu holat “Humo” terminallari va bankomatlari orqali amaliyotlarga ta’sir qilmaganini qayd etdi.
So‘nggi kunlarda HUMO kartalarining ayrim foydalanuvchilari to‘lovlarni amalga oshirishda, shuningdek, mobil (to‘lov) ilovalaridagi p2p o‘tkazmalarida qiyinchiliklarga duch kelayotgani kuzatildi.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, kompaniya regulyatorni vaziyatdan xabardor qilib, hodisa sabablarini aniqlash uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilayotganligini bildirgan.
Regulyator vaziyatni barqarorlashtirish uchun zarur choralarni ko‘rish, karta egalarining o‘z kartalaridagi mablag‘laridan uzluksiz foydalanishini ta’minlash maqsadida “Humo” terminallari va bankomatlar ishlashiga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Agar bank kartalarini to‘lovga qabul qilishni rad etish holatlari bo‘yicha Davlat soliq xizmatining 71 2023282 yoki 1198 raqamlaridagi ishonch telefoniga hamda “Humo"ning 71 2000888 raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.