O‘zbekiston Rossiya bilan Afg‘oniston orqali yangi transport yo‘lagini yaratish istagida. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qozonda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Rossiya uchinchi hududlararo hamkorlik forumi doirasida transport-logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ishtirokchilar ikki mamlakat iqtisodiyoti oldida turgan maqsadlarga samarali erishish uchun sohada loyihalar hamda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish muhimligini qayd etishdi.

Ikki mamlakat shaharlari, viloyatlari va iqtisodiy o‘sish markazlarini bog‘lovchi transport aloqalarini hamda Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ta’minot zanjirlarini rivojlantirish maqsadida kelishuvlarga erishildi.

Xususan, yangi transport infratuzilmasini yaratish va mavjudlarini modernizatsiya qilish uchun ikki mamlakat hududlari orqali o‘tuvchi xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish sohasidagi loyihalarni o‘zaro muvofiqlashtirish, xalqaro transport koridorlari yo‘nalishlarida davlat chegaralari nazorat-o‘tkazish punktlarining infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni qabul qilish belgilandi.

Bundan tashqari, yangi multimodal yo‘nalishlar, jumladan, “Belarus-Rossiya-Qozog‘iston-O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston” yo‘nalishini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlash bildirildi.

Shuningdek, kelishuvlar qatorida turli transport turlari orqali xalqaro xizmatlarni ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha tajriba almashishni davom ettirish, tarmoqlararo va mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash hamda transport-logistika sohasidagi mintaqaviy loyihalarni milliy rejalarga kiritish bo‘yicha muloqot olib borish kabilar bor.

Avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “Rossiya temir yo‘llari” o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolangandi. Hujjat mamlakatlar o‘rtasida ikki tomonlama va tranzit kommunikatsiyalarini rivojlantirish hamda istiqbolli xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.