Navoiy IESda quvvati 650 MVt bo‘lgan uchinchi bug‘-gaz qurilmasi quriladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha, “Navoiy IES” va Yaponiyaning “Mitsubishi Power” kompaniyasi o‘rtasida mazkur energoqurilmani qurish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Shartnoma shartlariga ko‘ra, bug‘-gaz qurilmasi Karmana tumanida joylashgan “Navoiy IES"da 2023−2026-yillarda qurilishi belgilangan. Loyihaga Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning moliyalashtirish manbalari jalb qilinadi.
Uning natijasida mamlakat energetika tizimida yiliga 4,8 mlrd kVt/soat qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 347ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, yiliga 1 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishi qayd etilgan.
Avvalroq AQShning “General Electric Global Parts and Products” kompaniyasi O‘zbekistondagi elektr stansiyalarni yaxshilashga yordam berishi haqida ma’lum qilingandi.
Loyiha qiymati $60 mlnni tashkil etib, uning doirasida stansiyalariga texnik xizmat ko‘rsatish, yangi ehtiyot qismlar yetkazib berish hamda demontaj qilingan ehtiyot qismlarni tiklash amalga oshiriladi.