Qatar O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qildi. Bu haqda “Visit Qatar” hukumat portalida ma’lum qilingan.

Unga ko‘ra, mamlakat Qatarga borish uchun viza talab qilinmaydigan 101ta davlat ro‘yxatiga kiritilgan.

Endlikda o‘zbekistonliklar Qatar mamlakatida vizasiz 30 kungacha bo‘lishlari mumkin. Bunda fuqaro qaytish chiptasiga ega bo‘lishi hamda xorijga chiqish pasportining amal qilish muddati 6 oydan kam bo‘lmasligi kerak.

Joriy yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan Qatar fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga vizasiz kirish rejimi joriy qilindi. Unga ko‘ra, bu tartib 30 kunga amal qiladi.

Iyul oyida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammiti prezident “Ko‘rfaz — Markaziy Osiyo” yagona vizasiz sayyohlik makonini va turistlar uchun mo‘ljallangan klasterlarni yaratish tashabbusini bildirgandi.

Oktabr oyida Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan o‘tgan uchrashuvda tomonlar an’anaviy va “yashil” energetika, neft-kimyo, metallarni chuqur qayta ishlash, qurilish, moliya va boshqa sohalar qatorida turizm bo‘yicha ham qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishga tayyorligini bildirishdi.


Avvalroq joriy yilning 1-sentabridan Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasidan ID-karta orqali o‘tish imkoniyati yaratilgandi.