Jahon banki O‘zbekistonning joriy va kelasi yil uchun iqtisodiy o‘sishi prognozini yaxshiladi. Bu haqda bankning Yevropa va Markaziya Osiyo mintaqasi iqtisodiyoti bo‘yicha e’lon qilingan hisobotida keltirilgan.
Unga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekistonning yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 5,5%ga yaqinlashadi hamda o‘rta muddatli istiqbolda asta-sekin tezlashishi mumkin. Mazkur ko‘rsatkich 2024 va 2025-yillarda mos ravishda 5,6% va 5,8%ga yetishi mumkin.
Joriy yilda iste’mol o‘sishi pasayadi, bu esa Rossiyadan pul o‘tkazmalarining kamayishi bilan bog‘liq. Shuningdek, bu yili import o‘sishining tezlashishi kutilmoqda.
Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish sur’atlarini saqlab turish uchun uning hajmi o‘rta muddatli istiqbolda o‘sishda davom etadi. Pul o‘tkazmalarining pasayishi bilan mamlakat to‘lov balansidagi joriy defitsit (2023-yilning birinchi yarmida 6,3%ga yetdi) oshishda davom etadi.
Energetika sohasidagi yuqori xarajatlar, davlat sektoridagi ta’lim, ish haqi, pensiya va nafaqalar uchun yuqori xarajatlar hamda budjet daromadlari tushumlarining pasayishi tufayli, 2023-yilda budjet taqchilligi prognozlarga ko‘ra 5%gacha oshadi.
Budjet taqchilligini 2024-yilda YaIMning 4%igacha va 2025-yilda 3,6%igacha kamaytirish bilan hukumat o‘rta muddatli istiqbolda budjetni konsolidatsiya qilishi kutilmoqda.
Bu davlat korxonalari uchun soliq imtiyozlarining kamayishi, energetik subsidiyalar xarajatlarining pasayishi va davlat aktivlarini xususiylashtirish tufayli moliyaviy tushumlarning ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Hukumat tashqi qarz olish bo‘yicha o‘z cheklovlariga rioya qilishi kutilmoqda. Shu bilan birga davlat qarzi joriy yilda YaIMning 36%igacha o‘sdi va 2024-yilda 36,6% bilan eng yuqori nuqtasiga yetadi.
Davlat ijtimoiy himoya dasturlari kengayganiga qaramay, pul o‘tkazmalari va xususiy iste’mol o‘sishining sekinlashishi O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini pasaytirishda kutilayotgan yutuqlarni cheklashi mumkin. Aholining kambag‘allik darajasi joriy yilda 13,9%gacha kamayishi prognoz qilinmoqda.
Bu prognozning yomonlashishiga olib keladigan xatarlarga Rossiyadagi iqtisodiy vaziyatning yomonlashishi, yanada yuqori tashqi inflyatsiya bosimi hamda kutilganidan ham qattiqroq global moliyaviy sharoitlar kiradi.
Iqtisodiyot uchun potensial ijobiy trendlarga oltin, tabiiy gaz va misga jahon narxlarining yuqoriligi (O‘zbekiston bu turdagi xom ashyolarning eksportchisi hisoblanadi) hamda hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar natijasida iqtisodiyot tarmoqlarida mahsuldorlikning yanada tez o‘sishi kiradi.
Bank hisobotida, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlarning yarmida 2023-yilda kutilayotgan o‘sish sur’ati o‘tgan yilga nisbatan past bo‘lishi yoki deyarli o‘zgarmasligi qayd etilgan.
Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasining eng yirik savdo sherigi bo‘lgan Yevropa Ittifoqida (YeI) iqtisodiy ko‘tarilishning sekin kechishi — yuqori inflyatsiya, — moliyaviy sharoitlarning keskinlashuvi hamda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatlari fonida YeMO mintaqasidagi yillik o‘sish 2024−2025-yillarda 2,6%ni tashkil qilishi mumkin.
Markaziy Osiyo mamlakatlarida joriy yilda o‘sish 4,8%gacha tezlashishi kutilmoqda, 2024 va 2025-yillarda inflyatsiya sekinlashadi degan ehtimol asosida yillik o‘rtacha o‘sish 4,7% darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Avvalroq Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonning joriy va kelasi yil uchun iqtisodiy o‘sishi prognozini yaxshilagandi. Lekin bank narxlarni liberallashuvi sabab inflyatsiyaning 10%dan pastga tushishini kutmayapdi.