Avvalroq huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev “Yandex Go” taksi xizmatining O‘zbekistonda yuridik shaxs tashkil qilmasdan faoliyat yuritayotganini tanqid qilgandi.
“Kompaniyaning taksi xizmati ko‘rsatish uchun, elektron to‘lovlar qabul qilish uchun litsenziyasi yo‘q. O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan, soliq rezidenti ham emas. Axir bu qip-qizil soliqdan qochish sxemasi emasmi? Bunaqada sog‘lom raqobat haqida yana qanaqa gap bo‘lishi mumkin?”, deya qayd etgan huquqshunos.
Undan keyin, iqtisodchi Otabek Bakirov ham bu bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi. Biroq, iqtisodchi mazkur masalada muntazam ravishda qarashlarini bildirib kelmoqda.
6-oktabr kuni Soliq qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan bu kabi xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning sentabr oyida “Ridetech International” kompaniyasiga ikki oy muddatda o‘z faoliyatini qonun hujjatlari asosida tashkil etish bo‘yicha quyidagi talablar qo‘yilgan:
- Faoliyatni amalga oshirish uchun O‘zbekistonning soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tish va belgilangan soliqlarni to‘lash;
- Soliq organlari axborot tizimi bilan integratsiyalashuvni ta’minlash va mijozlarga avtomatik shakllantiriladigan fiskal chek taqdim etish.
Yuqoridagi talablar joriy yilning 1-dekabrigacha bajarilishi belgilangan. Agar kompaniya bu talablarni bajarmasa O‘zbekiston hududida agregator sifatida yuritilib kelinayotgan elektron platformadan foydalanish bloklanadi.
Qo‘mita bu bo‘yicha Raqamli texnologiyalar vazirligiga rasmiy murojaat qilishini bildirdi.