Joriy yilda O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarini yaxshilashga xalqaro moliya institutlaridan $175 mln miqdorida mablag‘lar o‘zlashtiriladi. Bu haqda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva ma’lum qildi.
Natijada Buxoro viloyatida xalqaro ahamiyatdagi 87 km uzunlikdagi 4 tasmali sement-beton qoplamali avtomobil yo‘li rekonstruksiya qilinib foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, 110 km mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari kapital ta’mirlanadi.
Davlat-xususiy sherikchilik asosida 2ta mega loyihani — Toshkent-Andijon va Toshkent-Samarqand pullik avtomobil yo‘llarini qurish belgilangan.
Mazkur pullik yo‘l qurilishi 2026-yilgacha amalga oshirilishi belgilangan 5 ta loyihadan biri hisoblanadi. Iyun oyida prezident Toshkent-Andijon pullik yo‘lini qurish bo‘yicha loyiha joriy yil oxirigacha boshlanishini aytgandi.
Avtomobil yo‘llarida intellektual transport tizimi (ITS) avtomobillarning harakat vaqtida vaznini o‘lchash tizimi (WIM) joriy qilinadi. Preizdent bu bo‘yicha ko‘rsatma bergandi.
2025-yilda A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tgan 100 km qismida pilot tarzida intellektual transport tizimi joriy qilinadi.
O‘tgan 2017−2022 yillar davomida xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan $875 mlnlik 8ta loyiha amalga oshirilib, 465 km uzunlikdagi magistral yo‘llar -b325 kilometri sement-beton va 140 kilometri asfalt-beton yo‘llar qurib foydalanishga topshirildi.
Hozir 5ta loyiha amalga oshirilmoqda. Keyinggi 10 yilda 45ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Avvalroq O‘zbekiston Rossiya bilan Afg‘oniston orqali yangi transport yo‘lagini yaratishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Multimodal yo‘nalishning yakuniy nuqtasi Belarus va Pokiston bo‘lishi qayd etilgan.