“Toshkent” aeroportida samolyotlar to‘xtash joylarini kapital ta’mirlash ishlari boshlandi, deya xabar berdi “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.
Xususan, B1-B5 va B11-B17 samolyot turar joylarini hamda RD-B yurish yo‘lini kapital ta’mirlash ishlari boshlandi. Kapital ta’mirlash doirasida sun’iy qoplama mustahkamlanadi.
“Bu joyda oxirgi marta ta’mirlash ishlari 2000-yillarda amalga oshirilgan. Foydalanish muddati uzoq bo‘lganligi sababli ta’mirlashni talab qiluvchi nuqsonli joylar shakllangan”, — deya izoh bergan “Uzbekistan Airports"ning parvozlarga aerodromda texnik ta’minot ko‘rsatish bo‘limi.
Ta’mirlanayotgan asfalt va beton aralashmasining umumiy maydoni 92 ming kvadrat metrni tashkil qiladi.
Joriy yilning aprel oyida Toshkent aeroportining ikkinchi uchish-qo‘nish yo‘lagi rekonstruksiyadan keyin ochilgandi. Yo‘lakning uzunligi 3905 metr va kengligi 60 metr bo‘lib, loyiha 120 mlrd so‘mga baholangan.
Sentabr oyida Toshkent aeroportining mahalliy aviaqatnovlar terminali old qismi ta’mirlash ishlaridan keyin qayta ochildi. 2024-yilgacha O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarda terminal oldi hududlarini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.