“Veolia Energy Tashkent” kompaniyasi 1347 qisqa raqamiga ega Call-markazini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Joriy yilning oktabr oyidan poytaxt tuman boshqarmalariga telefon qo‘ng‘iroqlari uchun yagona raqam ishga tushirilib, fuqarolardan murojaatlar qabul qilinmoqda.
Unga ko‘ra, iste’molchilar tuman bo‘limiga quyidagilar bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin:
- issiqlik ta’minoti xizmatlari bo‘yicha maslahat olish;
- iste’molchi balansini bilish;
- issiqlik tarmoqlaridagi muammolar haqida xabar berish;
- ish vaqtidagi qoidabuzarliklar haqida xabar berish;
- hisoblagichlarni davlat tekshiruvidan o‘tkazish muddatlari haqida ma’lumot olish.
Bundan tashqari, issiqlik energiyasi hisoblagichlarining ko‘rsatkichlarini uzatish hamda issiq suv uzilishlari haqida ma’lumot olish mumkin.
Call-markaz ishi yaxshilanishiga qarab, taklif etilayotgan xizmatlar ro‘yxati kengayishi qayd etilgan. Bu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Avvalroq “Veolia Energy Tashkent” kompaniyasi Toshkentda isitish mavsumiga qanday tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida xabar bergandi.
Xususan, 4000dan ortiq shikastlangan joylar ta’mirlanib, umumiy uzunligi 54,17 km bo‘lgan 328ta uchastkada tarmoq quvurlari o‘tkazildi. Shuningdek, 3070ta zulfin va 133ta salma kondensatorlari almashtirildi.
Bundan tashqari, 7-oktabrdan 27-oktabrgacha issiqlik mavsumiga tayyorgarlik doirasida Yakkasaroy va Mirobod tumanlaridagi ayrim ko‘chalar bo‘ylab avtomobil yo‘lini toraytirgan holda tarmoq quvurlarini o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Qaysi ko‘chalarda amalga oshirilayotgani bilan bu yerda tanishish mumkin.
Avvalroq “O‘zbekneftgaz” qisqa raqamli Ishonch telefonini ishga tushirgani haqida xabar berilgandi.