Oliy Majlis Senati Kengashi majlisida maxsus iqtisodiy zonalar (MIZ) faoliyati samaradorligi borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 1-sentabrigacha MIZda 39,1 trln so‘mlik 620ta loyiha amalga oshirilib, 56 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratilgan. Xorijiy investitsiyalar hajmi 11 trln so‘mni tashkil qilgan.

Bundan tashqari, senatorlar mazkur yo‘nalishda uchrayotgan quyidagi kamchilik va muammolarga e’tibor qaratishdi:

  • qonunchilik hujjatlarida bojxona imtiyozlaridan foydalangan holda import qilinadigan xomashyo, materiallar va butlovchi qismlardan tayyorlangan mahsulotlarni eksport qilish muddatlari belgilanmagan;
  • natijada ayrim korxonalar bojxona imtiyozlaridan foydalansa ham, import xomashyosidan ishlab chiqargan mahsulotlarini eksport qilmagan;
  • MIZ yer maydonlariga investitsiya loyihalarini joylashtirish, yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdoga chiqarish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan.

Bundan tashqari, tadbirkorlar tomonidan shartlashilgan investitsiya majburiyatlari o‘z muddatida bajarilmasligi natijasida MIZ hududida ajratilgan yer maydonlaridan foydalanilmaslik holatlari ham kuzatilgan.

MIZ ishtirokchilarining raqobatdosh, eksportbop va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi hamda ushbu mahsulotlarning mamlakatda eksport salohiyatini kengaytirish va valyuta tushumlari miqdorini ko‘paytirish borasidagi ulushi pastligicha qolmoqda.

Shuningdek, MIZning infratuzilma bilan ta’minlanganlik darajasini yaxshilash bo‘yicha belgilangan tadbirlarning ijrosi to‘liq ta’minlanmagan.

Majlisda senatorlar MIZ faoliyatini takomillashtirish va ularga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan takliflarni ko‘rib chiqishdi. Xususan:

  • MIZ ishtirokchilariga mintaqaning iqtisodiy rivojlanishi va uning hududiy joylashuvidan kelib chiqib, tabaqalashtirilgan imtiyoz va preferensiyalarni qo‘llash;
  • bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozdan foydalangan holda import qilingan xomashyo, materiallar va butlovchi qismlardan tayyorlangan mahsulotlarni eksport qilish muddatini belgilash lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, “yagona darcha” tamoyili asosida barcha turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish, investitsiya loyihalarini monitoring qilishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish, OTM talabalarining ishlab chiqarish amaliyotini MIZ korxonalarida o‘tashi bo‘yicha alohida qo‘shma dasturlar ishlab chiqish kerakligi aytib o‘tildi.


Avvalroq yil oxirigacha Chirchiq texnoparkida 10ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi.