O‘zbekistonda islomiy moliyaning joriy etilishi haqida besh yildan ortiq vaqtdan beri gapirib kelinmoqda. 2018-yilda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekistonda islom bank ishi va moliyalashtirish infratuzilmasini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident qarori loyihasi joylashtirilgan edi. Biroq, hujjat qabul qilinmadi.

Mutaxassislarning fikricha, islom bankingini joriy etilish orqali mamlakat $10 mlrdgacha qo‘shimcha xorijiy sarmoya jalb etishi mumkin edi.

O‘zbekistonda islomiy moliyani joriy etishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy to‘siqlardan biri sifatida — infratuzilmaning, me’yoriy-huquqiy bazaning, depozitlarni himoya qilishning yo‘qligi, shuningdek, fiskal to‘siqlar keltirilmoqda.

Bundan tashqari, islomiy moliyaning tez joriy etilishiga aholi moliyaviy savodxonligining pastligi ham to‘sqinlik qilmoqda.

“Spot” Islom moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti (AAOIFI) kengashi a’zosi va Islom taraqqiyot banki moliyaviy nazorat departamenti menejeri Xondamir Nusratxo‘jayev bilan islomiy moliyaning asosiy tamoyillari va uning klassik bank tizimidan farqlari, O‘zbekistonda ushbu tizimni joriy etish va rivojlantirish uchun zarur chora-tadbirlar haqida suhbatlashdi.


Islomiy moliya nima?

Islomiy moliya islomda mavjud axloq va etikaga asoslanadi. Bu yerda pul faqat vosita bo‘lib, har bir miqdor qo‘shimcha qiymat yaratishga hissa qo‘shganda haqiqiy iqtisodiy foyda yaratishga xizmat qiladi.

Demak, islomiy moliya modelida pulning yaratilishi faqat foydali aktivlar, tovar va xizmatlar yaratilishi bilan tandemda mumkin.

Islom banki, xuddi an’anaviy bank kabi, puli borlar bilan puli yo‘qlarni bog‘laydi. Biroq, u buni foiz marjasi orqali emas, balki biznes risklarini o‘z zimmasiga olgan holda real iqtisodiyotni moliyalashtirishda bevosita ishtirok etish orqali amalga oshiradi.

Bu moliyaviy-iqtisodiy tizimning barqarorlashuviga va tomonlar o‘rtasida risklarning yanada adolatli taqsimlanishiga olib keladi.

Islom banki bir tomondan investorlar va omonatchilar pullarining ishonchli vakili bo‘lsa, ikkinchi tomondan sotuvchi, lizing beruvchi, shuningdek, biznes hamkori va investordir.

Misol uchun, bir qarashda kreditga juda o‘xshash bo‘lgan islomiy bankingning eng mashhur mahsuloti — “murabaha"ni olaylik. Bu yerda islom banki mijozning iltimosiga ko‘ra mahsulot sotib oladi va uni belgilangan ustamada o‘sha mijozga bo‘lib-bo‘lib sotadi. Bu yerda, sotib olingan paytdan to sotishgacha, mahsulot bilan bog‘liq barcha xavflarni bankning o‘zi o‘z zimmasiga oladi. Sotishdan keyin bankning asosiy riski kredit riskidir.

Bundan tashqari, ikkala tomon sotib olingan mahsulotni ham, moliyalashtirish va belgilash miqdorini ham aniq bilishadi, ya’ni barcha noaniqliklar tekislanadi (qarz bilan esa qarz oluvchi penyalar, jarimalar va boshqa komissiyalar tufayli yakuniy to‘lov miqdorini hech qachon bilmaydi).

Kechiktirilgan taqdirda, Islom banki penyadan daromad olmaydi. Bu yerda asosiy farq shundaki, islom banklari uchun penya qat’iy intizomiy xarakterga ega va daromad manbai bo‘la olmaydi. Shuning uchun penya miqdori odatda ahamiyatsiz bo‘lib, u butunlay xayriyaga qaratilgan.

islomiy bank, islomiy moliya, xondamir nusratxo‘jayev

Islom moliyasida klassik obligatsiyalarga alternativa “sukuk” hisoblanadi. U kompaniyalar va davlatni bevosita moliyalashtirish vositasi bo‘lib xizmat qiladi.

Masalan, ular investitsion risklarni bo‘lishgan holda investor-hamkor (mudaraba sukuk), yoki lizing beruvchi (ijara sukuk), yo bo‘lmasam loyihani moliyalashtirishda ishtirokchi (istisna sukuk) sifatida namoyon bo‘ladi.

U ko‘pincha islom obligatsiyalari deb ataladi, garchi bu texnik jihatdan noto‘g‘ri bo‘lsa-da, chunki “sukuk” investorlari “umumiy maqsadlar” uchun foiz evaziga pul qarz bermaydilar, balki real moliyaviy va biznes risklarini o‘z zimmalariga olgan holda aniq loyihalarni moliyalashtiradilar.

Shunday qilib, sukuk-investorlari foyda ulushi yoki mukofot oladi yoki lizing/boshqa daromad oladi.

Islomiy moliya an’anaviy moliya tizimidan qanday farq qiladi?

Yuqorida aytganimdek, islomda pulning yaratilishi faqat real iqtisodiy ne’matlarni yaratish bilan bog‘liq. Bu — klassik kredit va moliyaviy tizimdan asosiy farq.

Bundan tashqari, foyda olish huquqi doim biznes risklarini o‘z zimmasiga olish bilan birikkan. Agar biror islomiy moliya mahsulotini oladigan bo‘lsak, u doim xavflar bilan chambarchas bog‘liq bo‘ladi.

Aktiv sotib olingan paytdan boshlab xaridorga bo‘lib-bo‘lib sotilgunga qadar Islom banki bunday aktiv bilan bog‘liq barcha risklarni o‘z zimmasiga oladi. Va faqat sotilgandan keyingina ular xaridorga o‘tkaziladi.

Aynan xavflarni adolatli taqsimlash — boyish, ekspluatatsiya va ustunlik qilish uchun nosog‘lom rag‘batlarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.

Shuningdek, asosiy farq — shartnomaviy munosabatlarda noaniqlik, shartnoma predmeti, uning narxi va asosiy shartlariga nisbatan shartnomaning kuchliroq tarafi foydasiga hiyla-nayranglar qilib, muhim ma’lumotlarni yashirish yoki bo‘rttirish hisoblanadi.

Masalan, men mashina sotyapman va uning barcha nuqson va kamchiliklarini bilaman. Boshqa tomon ular haqida bilmaydi. Agar uning kamchiliklarini aytmay, mavjud sifatlarini ziynatlab sotsam, bu bitim islom shariatida haqiqiy emas deb hisoblanadi. Agar xaridor faktlar yashirilganligini bilib qolsa, u tovarni qaytarish va to‘liq summani qaytarib olishni talab qilishga haqli.

Yana bir farq — oson pul olishni taqiqlash. Bular qimor o‘yinlari, lotereyalar, ya’ni pulni tasodif, omad va imkoniyat bilan qo‘lga kiritish hisoblanadi.

Islomda boylik faqat foydali mehnat yoki biznes xatari natijasi bo‘lishi mumkin. Shuning uchun, bu yerda birining daromadi boshqalarning zarari evaziga olinadigan “nol effektli o‘yinlar” qat’iyan man etiladi.

Shuningdek, axloqsiz, jismoniy, ijtimoiy yoki iqtisodiy nuqtayi nazardan shaxs yoki jamiyat uchun zararli faoliyatni moliyalashtirish yoki shug‘ullanish taqiqlanadi. Ko‘rsatilgan sohalarga qo‘shimcha ravishda, masalan, tamaki va alkogol sanoatini moliyalashtirish, hatto ular katta foyda va’da qilsa ham, taqiqlanadi.

islomiy bank, islomiy moliya, xondamir nusratxo‘jayev

O‘zbekistonda islomiy banking

Islomiy moliya ko‘plab musulmon mamlakatlarida jadal rivojlanmoqda. Shunisi e’tiborga molikki, hatto Buyuk Britaniya, Germaniya, Filippin, Efiopiya, Nigeriya va boshqa bir qator asli musulmon bo‘lmagan mamlakatlarda ham islomiy moliya qonunchilik darajasida siljishga erishdi.

Islom moliyasi O‘zbekistonga Islom taraqqiyot banki guruhi loyihalari bilan bir qatorda kirib keldi. Biroq, mamlakatda haligacha islomiy banking va islom moliyasini tartibga solish bo‘yicha qonunchilik mavjud emas. Shu bilan birga, bu yo‘nalishda faol ishlar olib borilmoqda: mamlakat rahbariyati islomiy bankingni joriy etishga tayyorligini ko‘rsatmoqda, mas’ul vazirlik va idoralar tegishli qonun hujjatlarini ishlab chiqmoqda, ishga islomiy moliya sohasidagi xalqaro ekspertlar va konsultantlar jalb qilingan.

Bilishimcha, xalqaro konsultantlarning tavsiyalari asosida tayyorlangan qonun loyihasi ustida ishlovchi ishchi guruh tuzilgan.

Ayni paytda soha rivojiga tegishli qonunchilikning yo‘qligi, soha vakillarining ham, aholining ham xabardorlik va bilimining yetarli emasligi, stereotiplarning mavjudligi va jiddiy resurs bazasining yetarli emasligi to‘sqinlik qilmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatda islomiy moliya tamoyillari asosida xizmat va mahsulotlarni taqdim etuvchi, xususan, fintex-startaplari, ijara-lizing kompaniyalari, islomiy o‘zaro sug‘urta va bo‘lib-bo‘lib to‘lash bo‘yicha kompaniyalar mavjud. Biroq, ular amaldagi qonunchilik doirasida ishlaydi, ya’ni ularning imkoniyatlari sezilarli darajada cheklangan. Ularning moliyaviy sektordagi ulushi juda kam.

O‘zbekistonda islom moliyasini joriy etish uchun aholi va bozor ishtirokchilarining islomiy moliya sektori faoliyatining tamoyillari, qoidalari va nyuanslari haqidagi bilimlarini oshirish bo‘yicha ham ulkan tizimli ma’rifiy ishlarni olib borish zarur. Moliyachilar ham, oddiy odamlar ham islomiy moliya institutlari qanday ishlashi, mahsulotlar qanday tuzilishi, ular an’anaviy vositalardan qanday farq qilishi kabilarni tushunishi muhim.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda islomiy moliyani rivojlantirish uchun siyosiy iroda, katta resurslar va infratuzilmaga sarmoya kiritish talab etiladi.

Sohaning o‘zi rivojlanishiga to‘sqinlik qiladigan bir qator stereotiplar ham mavjud. Misol uchun, ba’zilar islomiy moliya bu “musulmonlar uchun moliya” deb hisoblashadi. Albatta, bunday emas.

Islomiy moliya e’tiqodidan qat’iy nazar barchaga ochiqdir. Bundan tashqari, islomiy moliyaning moslashuvchanligi uni har qanday dunyoviy huquqiy muhitga uyg‘unlik bilan moslashish imkonini beradi. Shu bilan birga, O‘zbekiston demokratik davlat sifatida, e’tiqodidan qat’i nazar barcha fuqarolari uchun moliyaviy qulaylikni ta’minlashga qodir.

Shuningdek, islomiy moliya joriy etilishi bilan moliya va mijozlarning an’anaviy banklardan jiddiy chiqib ketishi kuzatiladi, degan xavotirlar ham bor. Bu stereotip ham mustahkam asosga ega emas. Aksariyat mamlakatlarda ham islomiy, ham an’anaviy bank tizimlari o‘zaro uyg‘un holda faoliyat ko‘rsatmoqda. Qolaversa, Malayziya, Indoneziya, Pokiston, Bangladesh kabi musulmon mamlakatlarida islomiy moliya bir necha o‘n yillar davomida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotganiga qaramay, an’anaviy bank faoliyatining ulushi hamon ustunlik qilmoqda.

islomiy bank, islomiy moliya, xondamir nusratxo‘jayev

Shunday ekan, islomiy moliya institutlari ham aholi, ham kichik va o‘rta biznes uchun katta moliyaviy tafovutni bartaraf etishga yordam berishi mumkin. Islomiy ipotekalari, avtomoliyalash va iste’mol tovarlarini moliyalashtirishga talab yuqori.

Biznesga kelsak, bu aylanma mablag‘larni moliyalashtirish, xomashyo va texnologiyalar importi, eksportdan oldingi moliyalashtirish va lizingni o‘z ichiga oladi. Iqtisodiyotga kirib kelayotgan, unda dinamik ravishda aylanib, real iqtisodiy samaralar yaratadigan bu pullar iqtisodiyotning o‘sishiga, aholi turmushini yaxshilashga, bandlik va soliq tushumlarini oshirishga xizmat qiladi. Shunday ekan, islomiy moliya odamlarni, iqtisodiyotni va davlatni qo‘llab-quvvatlaydi.

Bundan tashqari, islomiy banklarni qonuniylashtirish orqali mamlakat juda jiddiy ichki resurslarni jalb qila oladi: ko‘pchilik diniy e’tiqodlari tufayli klassik banklarga pul kiritmaydi, balki “yostiq ostida” saqlaydi.

O‘zbekiston islomiy davlatlar sarmoyadorlari uchun o‘zining siyosiy barqarorligi, amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlari, farovonligining o‘sishi, katta va yosh aholisi, chuqur madaniyati hamda tadbirkorlik kayfiyati bilan ajralib turadi. Bu fors ko‘rfazi va Janubi-Sharqiy Osiyo investorlari uchun ajoyib ingredientlardir. Mamlakatimiz milliardlab halol dollarlarni bemalol hazm qilishi mumkin.

Ayni paytda, mamlakatda halol moliyalashtirish islom lizingi, mikromoliyalash, bo‘lib-bo‘lib to‘lash va islomiy takaful sug‘urtasi, shuningdek, Islom taraqqiyot banki guruhining loyihalari kabi kam ro‘yxat bilan taqdim qilingan.

Shubhasiz, O‘zbekistonda Markaziy Osiyoda islomiy moliyalashtirish xabiga aylanish uchun barcha imkoniyat va potensial mavjud. Faqat uni amalga oshirish qoldi.