O‘zbekistonlik qizlar jamoasi AQShda o‘tkazilgan “Technovation Girls-2023” xalqaro tanlovida 3-o‘rinni egalladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsioyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Tanlovning final bosqichi joriy yilning 3−8-oktabr kunlari Silikon vodiysida o‘tkazilib, unda dunyoning 2500dan ortiq jamoalari ichidan eng yaxshi 12ta jamoa ishtirok etdi.
O‘zbekiston nomidan “Tecnas” jamoasi qatnashdi va uning tarkibi 5ta ishtirokchi va murabbiydan iborat. Qayd etilishicha, Senior-jamoa (16−18 yosh toifasi) sifatida mamlakatdan birinchi marotaba xalqaro musobaqaning final bosqichida ishtirok etishgan.
Tanlovda jamoa o‘z loyihasini IT-kompaniyalar vakillaridan iborat ekspert hakamlar hay’atiga taqdim etib, “Social Impact Award” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Bu ijtimoiy muammolarni hal qilishga hissa qo‘shadigan eng yaxshi loyiha uchun mukofot hisoblanadi.
Bunda “Tecnas” jamoasi “Sinov” mobil ilovasini ishlab chiqdi. U O‘zbekiston maktablarida ilmiy asbob-uskunalar va laboratoriyalar yetishmasligi muammosini hal qiluvchi VR laboratoriya hisoblanadi.
“Technovation Girls” — har yili 160 ta davlatda bo‘lib o‘tadigan qizlar uchun xalqaro texnologik tanlov. Loyiha qizlarni IT-texnologiyalar, IT sohasida biznes va tadbirkorlikka qiziqtirishdan iborat. 12 haftalik dastur marketing, biznes va taqdimot, dasturlash ko‘nikmalari bo‘yicha o‘quv modullarini o‘z ichiga oladi.
Joriy yilning yanvar oyida “Technovation Girls-2023” xalqaro texnologik tanloviga ro‘yxatdan o‘tish boshlangandi. Offlayn-treninglar va seminarlar 3 ta shahar — Toshkent, Nukus va Farg‘onada o‘tkaziladi. “Technovation Girls Uzbekistan” yangi mavsumi uchun ro‘yxatga olish dekabr oyidan boshlanadi.
Avvalroq “Yandex” kompaniyasi dasturlash bo‘yicha “Yandex Cup” chempionatiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.