O‘zbekistonda bloklangan “TikTok” soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lumotlarida qayd etilgan.
Unga ko‘ra, “TikTok PTE LTD” (Singapur) mamlakatda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchi sifatida joriy yilning 5-oktabr kuni ro‘yxatga olingan. Endilikda “Tiktok” uchun xizmatlarga 12% QQS hisoblanadi.
2021-yilning yozida “Twitter”, “Skype”, “WeChat” va “VKontakte” tarmoqlari qatorida “TikTok"ga ham cheklov qo‘yilgandi. Bunga mazkur tarmoqlar o‘zbekistonliklarning shaxsiga oid ma’lumotlarni mamlakat hududida joylashgan serverlarda saqlamayotgani sabab bo‘ldi.
O‘sha yilning dekabrida, Komil Allamjonov mazkur platformalar faoliyatini cheklash emas, ular bilan yaqin muloqotga kirishish barcha uchun manfaatli bo‘lishi haqida fikr birdirdi.
2022-yilning iyuniga kelib, O‘zbekistonda “Twitter”, “TikTok” va “VKontakte” ijtimoiy tarmoqlari blokdan chiqarilishi kutilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Natijada, avgust oyida “Twitter”, “WeChat” hamda “ВКонтакте” ilovalari blokdan yechildi, biroq, “TikTok"ni ham blokdan chiqarish bo‘yicha muzokaralar davom etdi.