Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) jahon iqtisodiyotining rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan navbatdagi hisobotini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2023-yilda 5,5%ga o‘sadi, bu aprel oyida kutilgan prognozdan 0,2%ga yuqori. 2024-yil uchun YaIM o‘sishi prognozi o‘zgarishsiz 5,5% darajasida qoldirildi.
Iqtisodiy o‘sish sur’ati bo‘yicha O‘zbekiston Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistondan oldinda, faqat Tojikistondan biroz ortda qolmoqda.
Umuman, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun yil oxirida yalpi ichki mahsulotning o‘sishi atigi 2%ni tashkil etadi — bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p. 2024-yilda u 3,4% gacha biroz tezlashishi kutilmoqda.
Shuningdek, XVJ O‘zbekistondagi inflyatsiya prognozini yaxshilagan. Natijada, ilgari kutilgan 11,8% o‘rniga joriy yilda inflyatsiya 10,2%ni tashkil etadi, kelgusi yili esa 10%gacha sekinlashadi.
Shu bilan birga, valyuta jamg‘armasi Markaziy bankning 2028-yilga qadar inflyatsiyaning 5% maqsadiga erishishini kutmayapti.
Bundan tashqari, kelgusi ikki yil ichida joriy hisob defitsiti mos ravishda 4,3 va 4,6%gacha oshadi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha kutilmalarning yomonlashishi mamlakatga transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining kamayishi va tashqi savdo defitsitining kengayishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Jahon banki O‘zbekistonning joriy va kelasi yil uchun iqtisodiy o‘sishi prognozini yaxshilagandi.