O‘zbekiston va Qozog‘iston Qozog‘iston-Xitoy chegarasidagi “Nur joli” nazorat-o‘tkazish punkti orqali O‘zbekistonning tashqi savdo yuklarini olib o‘tishni tezlashtirishi mumkin.

Bu bo‘yicha, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Beybut Atamqulov bilan Bojxona qo‘mitasida o‘tgan uchrashuvda muhokama olib borildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi bojxona hamkorligining hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qilishdi.

Xususan, Qozog‘iston-Xitoy chegarasidagi “Nur joli” nazorat-o‘tkazish punkti orqali O‘zbekistonning tashqi savdo yuklarini olib o‘tishni tezlashtirish bo‘yicha fikr bildirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasidagi chegara bojxona postlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha boshlangan ishlarni jadallashtirish ta’kidlandi.

Ikki davlat fuqarolarining shaxsiy avtomobillarini vaqtincha olib kirish, buning uchun tegishli yig‘imlarni undirish va to‘lash tartiblari, tranzit bojxona deklaratsiyasi uchun Qozog‘iston bojxona organlari tomonidan yig‘imlar undirilishiga bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Yil boshida Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegara punktida elektron navbat tizimi joriy etilishi ma’lum qilingandi.

CarGoRuqsat” tizimi dastlab Qozog‘istonning Xitoy bilan chegarasidagi uchta post — “Do‘stlik”, “Nur-Joli” va “Kaljat” postlarida joriy qilingan.

Bundan tashqari mamlakatning Turkiston viloyatidagi O‘zbekiston bilan chegaradosh yerda “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi ochilishi belgilangandi.

Yanvar oyida Qozog‘iston xorijliklarning mamlakatga kirish va qolish qoidalarini o‘zgartirib, 90 kundan ortiq qolish uchun xorijlik fuqaro vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma (TRP) olishga ariza topshirishi belgilandi.