O‘zbekistonda temir yo‘l transporti sohasini isloh qilishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va uning tarkibidagi korxonalar negizida 2024-yilgacha quyidagilar tashkil etiladi:
- yo‘l xo‘jaligi, elektr ta’minoti, signallashtirish va aloqa, lokomotiv xo‘jaligi, yagona dispetcherlik markazi va yuk stansiyalari ish faoliyatini ta’minlash bo‘yicha “Temiryo‘linfratuzilma” AJ;
- yuk tashish xizmatlarini amalga oshirish, yuk vagon va konteyner xo‘jaligini saqlash va rivojlantirish, multimodal “eshikdan eshikkacha” tashuvlarni yo‘lga qo‘yish, logistika markazlari va terminallarini tashkil etish bo‘yicha “Temiryo‘lkargo” AJ;
- yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha “Temiryo‘lekspress” AJ;
- “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” tarkibida vokzallar faoliyatini ta’minlash bo‘yicha “Temir yo‘l vokzallari” MChJ va shahar atrofida yo‘lovchilar tashish bo‘yicha “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” MChJ;
- bolalar oromgohlari, sog‘liqni saqlash, madaniy-ma'rifiy va sport obyektlarini saqlash bo‘yicha “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi.
Temir yo‘lda yuklarni mahalliy, eksport va import yo‘nalishlarida tashish tariflariga taqdim etilgan chegirmalar kelasi yildan bekor qilinadi, shu bilan birga, ularni faqat hukumat qarori bilan taqdim etish tartibi joriy etiladi.
Bundan ikki yoki undan ko‘p xorijiy mamlakatlarning temir yo‘l ma’muriyatlari bilan kelishuvlarga asosan taqdim etilgan chegirmalar mustasno.
Joriy yilning 1-dekabrigacha temir yo‘llarda yuklarni tashish tariflariga taqdim etiladigan chegirmalar ro‘yxati tasdiqlanadi.
Keyingi yildan yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish hamda yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechiladi va ularni bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga o‘tiladi.
2025-yildan mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlarini (yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish bundan mustasno) ko‘rsatishdan ko‘rilgan zararlar hamda hukumat qarorlari bilan temir yo‘l transportida yuk tashish xizmatlariga berilgan chegirmalar budjet hisobidan kompensatsiya qilinadi.
Bundan tashqari, 2027-yilgacha temir yo‘l transporti xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan olib kiriladigan ortish-tushirish ishlari uchun mo‘ljallangan mexanizm va uskunalarga bojxona boji qo‘llanilmaydi.
2026-yilgacha esa “O‘zbekiston temir yo‘llari” va uning tarkibidagi korxonalarga o‘zaro to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida tovarlarni sotish, ijaraga berish, xarid qilish, yetkazish, ish (xizmat)larini bajarishga ruxsat beriladi.
Avvalroq temir yo‘llarda pochtani tashish va pochta vagonlaridan foydalanish qoidalari tasdiqlangandi. Mazkur jarayonlar milliy operator bilan tashuvchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, 20-oktabrdan mahalliy poyezdlarning chipta narxlari oshirilishi belgilangan. Xususan, yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 50%ga, Afrosiyob elektropoyezdlari chiptalari esa 100%ga oshiriladi.