Germaniyaning “Rhenus Group” logistika kompaniyasi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda, deb yozadi “The Load Star” nashri.

Sentabr oyi oxirida Berlinda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo sammiti doirasida hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, ning doirasida “Rhenus” va “O‘ztemiryo‘lkonteyner” o‘rtasida qo‘shma korxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.

Ularning asosiy maqsadi Andijon va Samarqanddagi avtomobil-temir yo‘l yuk terminallarini boshqarish va kengaytirish bo‘ladi.

Bundan tashqari, “Rhenus” “O‘zbekiston temir yo‘llari"ga temir yo‘l orqali yuk tashish hajmini umumiy oshirishda yordam berishga rozi bo‘ldi.

Guruh bosh direktori Tobias Barts “O‘zbekiston temir yo‘llari” bilan strategik hamkorlikni Markaziy Osiyoda “Rhenus"ning deyarli o‘ttiz yillik mavjudligining yangi sahifasi deb atadi.

Kompaniya O‘rta koridor (Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi) bo‘ylab konteyner yuklari va xom ashyoni tashishga talabning oshishini kutmoqda.

“Renus” loyihasi bo‘limi rahbari Geynrix Kerstgens Samarqand va Farg‘ona vodiysi iqtisodiy o‘sish sur’atlarini alohida ta’kidladi.

Bu hududlarning tranzit salohiyatiga sarmoya kiritilishi tomonlarga boshqa uzoq muddatli tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqish imkonini beradi, deya kutmoqda u.

Toshkentdagi “Rhenus” vakolatxonasi 1996-yildan buyon faoliyat yuritib, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston va Qirg‘izistonning janubiy qismiga transport xizmatlarini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, kompaniyaning Qozog‘istonda sho‘ba korxonalari mavjud.

Prezident Shavkat Mirziyoyev sentabr oyida temir yo‘l sohasiga xususiy sarmoya jalb etish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shu qatorda yuk tashishda biznes ishtirokini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.


Avvalroq “Spot” temir yo‘llarda pochtani tashish va pochta vagonlaridan foydalanish qoidalari tasdiqlangani haqida yozgandi.

Mazkur jarayonlar milliy operator bilan tashuvchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.