Rossiya Markaziy bankiniung Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalida e’lon qilingan yo‘riqnoma loyihasiga ko‘ra, xorijiy banklar 2025-yil 1-yanvardan boshlab raqamli rubldan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkin. “RBC” nashri hujjatga e’tibor qaratdi.

Ko‘rsatma banklarning hisob-kitob jadvallariga o‘zgartirishlar kiritadi va xorijiy banklarning raqamli rubllari hisobga olinadigan maxsus hisobni yaratadi.

Aniqlik kiritilishicha, bunday hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalar “Raqamli rubl platformasi to‘g‘risida"gi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Biroq, tartibga solishning joriy versiyasiga muvofiq, xorijiy banklar platforma ishtirokchisi bo‘lishi va raqamli rublda hisob ochishi mumkin emas, lekin raqamli rubl to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, bu mumkin bo‘ladi.

“Raqamli rubl platformasini qurishda biz transchegaraviy o‘zaro hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdik. Shuning uchun bu qonunda allaqachon yozilgan. Bu imkoniyat, boshqa narsalar qatori, zarur qonunosti hujjatlarida aks ettirilishi kerak. Zarurat tug‘ilganda tegishli ishlarni amalga oshiramiz”, — dedi Markaziy bank vakili “RBC” nashriga.


Avvalroq Rossiya MDH davlatlari bilan hisob-kitoblar uchun raqamli rubldan foydalanishni boshlashi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Biroq, platformaga ulangan mamlakatlarga qarshi ikkilamchi sanksiyalar xavfi mavjud bo‘lib, ular Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berishda gumon qilinishi mumkin.

Raqamli rublni joriy qilish ishlari 2020-yil oktabr oyida boshlangan. Kriptovalyutalardan farqli o‘laroq, Markaziy bankning raqamli valyutasi naqd va naqd pulsiz rubllar bilan bir qatorda milliy valyutaning ekvivalent shakli hisoblanadi.

1-apreldan Rossiyada raqamli rubl sinovdan o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi. Rossiya Davlat dumasi raqamli rublni muomalaga kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qullagandi.

O‘zbekiston Markaziy banki ham o‘tgan yilning fevral oyida raqamli milliy valyuta ishlab chiqilishini e’lon qilgandi.


Avvalroq “Spot” Rossiya Markaziy banki mamlakatda xorijiy banklarning filiallarini ochish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagani haqida yozgandi.

Unga ko‘ra, faqatgina xorijiy do‘stona mamlakatlar Rossiyada o‘z filiallarini ochishi mumkin, biroq ular faoliyatida ayrim cheklovlar bo‘ladi.