Toshkent metropoliteni yaqin vaqt ichida harakat tarkibini to‘ldirishi kutilmoqda, deya xabar berdi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Joriy yil oxirigacha 56 ta vagon olib kelinishi rejalashtirilgan. Yangi partiya ikki oy ichida yetib kelishi kerak va poyezdlar yo‘nalishini qisqartirish uchun barcha to‘rt liniyaga taqsimlanadi.

2024-yilda poytaxt metropoliteni tomonidan yana 104 ta vagon sotib olinishi kutilmoqda. Ular vagonlar parkini yangilash, shuningdek, barcha yo‘nalishlarda poyezdlar orasidagi bo‘shliqlarni yanada qisqartirish imkonini beradi.

Metro maʼmuriyati taʼkidlaganidek, metroda yo‘lovchilar oqimi yozga nisbatan ikki baravar ko‘paygan.

Haddan tashqari yuklanishning oldini olish maqsadida besh vagondan iborat 6 ta poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi, yil oxiriga qadar ularning sonini 13 taga yetkazish rejalashtirilgan.

56 ta vagonli qo‘shimcha 14 ta poyezd sotib olish rejalari 2022-yil avgustida maʼlum bo‘lgan edi.

Poytaxt metropoliteni bosh mutaxassisi Abdutohir Abduqodirov bu poyezdlar orasidagi intervallarni qisqartirishini ta’kidladi.

“Transmashxolding” bosh direktori Kirill Lipa aprel oyida bo‘lib o‘tgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasida Toshkent metropoliteni bilan 50 dan ortiq metro vagonlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilganini tasdiqladi.

May oyida AQSh moliya vazirligi bir qator Rossiya kompaniyalariga, jumladan Transmashxoldingga qarshi navbatdagi sanksiyalar paketini joriy qildi.

Shundan so‘ng Tbilisi meriyasi “Metrovagonmash” bilan Gruziya poytaxti metropoliteni uchun 40 ta vagon sotib olish bo‘yicha shartnoma bekor qilinganini e’lon qildi.


Avvalroq “Spot” Toshkent metrosi Face ID orqali to‘lovlarni sinovdan o‘tkazishni boshlagani haqida yozgandi.

Tizim hozircha faqat “Buyuk Ipak yo‘li” bekatida mavjud bo‘lib, 2024-yilning iyul oyiga qadar barcha metro bekatlarini qamrab olish rejalashtirilgan.