Toshkent hokimligi Xitoyning BYD avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi bilan 2000ta elektrobus sotib olish bo‘yicha ramka shartnomasini imzoladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.

Unga ko‘ra, poytaxtga “K9UD eBus” rusumli, uzunligi 12 metr, 90 nafargacha yo‘lovchini sig‘dira oladigan elektrobuslar keltiriladi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, BYD elektrobuslari mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslab ishlab chiqariladi. 2024-yilda Toshkentga 200ta elektrobusning birinchi partiyasini olib kelish rejalashtirilgan.

Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov elektrobuslar xarid qilish O‘zbekistonning “yashil” transportga o‘tish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

2025-yilgacha Toshkent shahrida jamoat transportini qulay va ekologik toza harakat tarkibi bilan yangilash orqali atrof-muhitga salbiy ta’sirini 35%ga kamaytirish belgilangan.

Joriy yilda poytaxtga jami 1000 dona, shundan 300 ta elektrobus hamda 700 ta siqilgan tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslar olib kelinishi ma’lum bo‘lgandi.

Toshkent shahri jamoat transporti uchun 200ta 18 metrli va 500ta 12 metrli tabiiy gazda ishlaydigan avtobuslarni xarid qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.


Avvalroq Xitoyning “Dongfeng Motor” kompaniyasi Farg‘onada elektrobuslar ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.