O‘zbekiston Chexiya bilan diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod etish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bu haqda hukumat portali ma’lum qildi.
Joriy yilning 11-oktabr kuni Pragada O‘zbekiston-Chexiya biznes forumi o‘tkazildi. Unda Chexiya biznesining O‘zbekiston bozoriga kirishida imkoniyatlar mavjudligiga e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Chexiya bosh vaziri Petr Fiala siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga qaratilgan hamkorlikni o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qildi.
Forumda quyidagi ikki tomonlama hujjatlar imzolandi:
- O‘zbekiston hukumati bilan Chexiya hukumati o‘rtasida Shaxslarning readmissiyasi va tranziti to‘g‘risida Bitim;
- O‘zbekiston hukumati bilan Chexiya hukumati o‘rtasida Shaxslarning readmissiyasi va tranziti to‘g‘risida Bitimning Ijro Bayonnomasi;
- O‘zbekiston hukumati bilan Chexiya hukumati o‘rtasida Diplomatik pasport egalarini viza talablaridan ozod etish to‘g‘risida Bitim.
Bundan tashqari, ikki mamlakat o‘rtasida kengaytirilgan hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash va amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan boshqa hujjatlar ham imzolandi.
Shuningdek, rasmiy tashrifi doirasida mamlakat prezidenti Petr Pavel bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda ikki mamlakat o‘rtasida barcha yo‘nalishlarda hamkorlik kengayayotgani, vazirlar darajasidagi aloqalar faollashib borayotgani ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy, energetika, transport, turizm, qishloq xo‘jaligi, madaniy-gumanitar, turizm, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, Chexiyaning “Shkoda”, “Omnipol”, “Kristal Bogemiya” hamda “Primako” kabi firma va kompaniyalari vakillari bilan tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik aloqalarini kengaytirishga qaratilgan ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 800 mln yevro ($850,4 mln)dan ziyod investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari imzolandi.
Avvalroq Chexiya O‘zbekistonga mahsulotlarni Yevropa standartlari asosida sertifikatlashda yordam berishi ma’lum qilingandi.