11-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm va madaniyat maskanlari imkoniyatini to‘liq ishga solish va “Yashil makon” loyihasining kuzgi mavsumini tashkil etish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Davlat rahbari dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda har bir davlat turist jalb qilish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solayotganini ko‘rsatib, bunday keskin raqobat sharoitiga mos bo‘lib ishlas shartligini qayd etdi.
Joriy yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonga xorijdan 4,3 mln turist tashrif buyurib, ulardan $1,4 mlrd tushum bo‘lgan. Bu davrda 15 mingta yangi mehmon o‘rinlari yaratilib, ularning soni 137 mingtaga yetdi. Shu bilan birga, 540ta dam olish va ko‘ngilochar maskan barpo etildi va 70ta turizm marshruti ochildi.
Shuningdek, sakkiz oyda 6ta xususiy aviakompaniya ish boshladi, yangi 23ta samolyot olib kelindi, 20ta xalqaro va 6ta ichki qatnov yo‘lga qo‘yildi. Samarqand aeroportida haftalik xalqaro reyslar 46tadan 85taga ko‘paydi, 1300ta yangi avtobus xarid qilinib, 38ta marshrut ochildi.
Qo‘shimcha dam olish kunlari va chegirma berilgani hisobiga ichki sayyohlar soni 15 mlnni tashkil etdi va o‘tgan yilga nisbatan 2 barobarga o‘sdi.
Prezident turistlarni jalb qilish bo‘yicha yangi imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi. Bunda, qo‘shni davlatlardan, Rossiya va Xitoydan sayyohlarni jalb qilish uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
Masalan, Xitoyning hamma provinsiyalariga borib, hududlarning turistik salohiyatini keng targ‘ibot qilish, Xitoydan Samarqand, Buxoro, Xorazmga, Surxondaryo va Farg‘ona vodiysiga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zbekistonga uzoq davlatlardan kelayotgan turistlar oqimi 3−4 barobar oshdi. Joriy yilda Hindiston, Yaponiya, AQSh va Italiyadan sayyoh ko‘paydi. Lekin, Malayziya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, BAA, Misr, Qatar hamda Yevropadan turistlarni jalb qilish ishlari sust ekani ta’kidlandi.
Mazkur mamlakatlardagi elchilarga va viloyat hokimlarining turizm bo‘yicha o‘rinbosarlariga sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish topshirildi.
Kelasi hafta Samarqand shahri ilk bor Butunjahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi yig‘ilishiga mezbonlik qiladi. Hozirning o‘zida 128ta mamlakatdan 1000dan ziyod ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan 79 nafari turizm vazirlari, 24 nafari vazir o‘rinbosarlaridir.
Prezident bu tadbir hokimlarga mamlakat turizm salohiyatini ko‘rsatish uchun imkoniyat ekanini ta’kidladi. Uning doirasida har bir viloyat hokimi o‘z delegatsiyalari bilan viloyatining tabiati, tarixi, madaniyati, ovqatlari, ziyoratgohlari, sayyohlik maskanlari va marshrutlarini namoyish qilishi, turizm loyihalari bo‘yicha kelishuvga erishishi shartligi qayd etildi.
Joriy yilning sentabr oyida Samarqanddagi “Bog‘i baland” mahallasiga “turizm mahallasi” maqomi berildi. Avgust oyida prezident Samarqandning turizm salohiyati yuqori 100ta mahalla va qishlog‘ida “turizm ipotekasi” dasturi asosida yangi sayohat manzillari ochish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi.
Bundan tashqari, yozning oxirgi oyida Qoraqalpog‘istonda turizmni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi. Unda 2026-yilgacha xorijiy turistlar sonini 180 mingga, mahalliy turistlar sonini esa 1 mlnga, turizm eksportini $60 mlnga yetkazish belgilangan.