Avvalroq temir yo‘l transporti sohasini isloh qilishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingandi.
Hujjat bilan, 2023−2026 yillarda sohani rivojlantirish bo‘yicha Janubiy Koreya va Chexiyadan O‘zbekistonga elektropoyezdlar xarid qilish belgilanmoqda.
Xususan, joriy yilning oktabrida 6ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish bo‘yicha Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish rejalashtirilmoqda.
Loyiha doirasida Janubiy Koreya Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi (EDCF)dan 185 mln yevro miqdorida kredit mablag‘lari jalb qilinadi. Bunda, kredit 35 yil muddatga, 10 yil imtiyozli muddatni o‘z ichiga olgan holda yillik 0,1$ stavkada berilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, noyabrda 30ta elektropoyezdlarni xarid qilish bo‘yicha Chexiyaning “Skoda Transportation” kompaniyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish belgilanmoqda.
Loyiha doirasida Chexiya banklaridan 350 mln yevro miqdorida kredit liniyalari jalb qilinib, qarz mablag‘lari 3 yil imtiyozli muddat bilan 15 yilga, yillik 5,5 foiz stavkada beriladi.
Joriy yilning dekabrida har ikkita loyiha bo‘yicha 2024-yilda O‘zbekiston kafolati ostida xorijiy kreditlar jalb qilingan holda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxatiga kiritish belgilangan.
Shuningdek, kelasi yilning fevralida “Hyundai Rotem” kompaniyasi bilan, mart oyida esa “Skoda Transportation” bilan mamlakat nomidan qarz bitimlarini imzolash va davlat kafolatini berish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.
2022-yilning sentabrida xorijdan O‘zbekistonga 34 ta elektropoyezd, 6 ta dizel poyezdi hamda 100 ta yangi turdagi yo‘lovchi vagonlari xarid qilinishi xabar berilgandi. Undan keyin, “O‘zbekiston temir yo‘llari” e’lon qilgan tenderda “Stadler”, “Hyundai”, “Siemens”, “Talgo”, “Hitachi” kabi kompaniyalar ishtirok etayotgani ma’lum bo‘ldi.