O‘zbekistonda chekka va tog‘li hududlar uchun “Mirzo Ulug‘bek” onlayn maktabi tashkil etildi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik va “Ulug‘bek” jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan maktab mamlakatning chekka hududlari va tog‘li joylarida ta’lim sifatini oshirish hamda mazkur hududlarda istiqomat qilayotgan iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Hozirda test-sinov tarzida 3ta tog‘li va chekka hududdagi quyidagi maktablar tanlab olindi:

  • Jizzax viloyati, Forish tumanidagi 7-sonli maktab;
  • Samarqand viloyati, Qo‘shrabod tumanidagi 70-sonli maktab;
  • Surxondaryo viloyati, Denov tumanidagi 62-sonli maktab.

Qayd etilishcha, mazkur maktablarda yuqori sinf o‘qivchilari matematika va ingliz tili fanlaridan qo‘shimcha ta’lim oladi.

Loyiha test-sinov jarayonida ijobiy natijalar ko‘rsatganidan so‘ng mamlakatning boshqa tog‘li va chekka hududlaridagi ta’lim muassasalariga joriy etilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq 10−11 sinf o‘quvchilariga “kimyo-biologiya”, “matematika-fizika”, “matematika-chet tili”, “ona tili va adabiyot-chet tili” fanlari tanlov asosida chuqurlashtirib o‘qitilishi ma’lum qilingandi.