Temir yo‘l vokzallariga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz kirishga ruxsat berildi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur yengillik hukumatning tegishli qarori bilan joriy qilinmoqda hamda endilikda tashrif buyuruvchilar soddalashtirilgan holda, ya’ni pasportsiz vokzal hududiga kirishlari mumkin bo‘ladi.
Yo‘lovchilar platformasi — perronga poyezd chiptalari mavjud bo‘lgan yo‘lovchilar hamda harakatlanishi cheklangan bemor yoki keksa yoshdagi yo‘lovchilarni kuzatuvchi va kutib oluvchilar shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan o‘tishlari mumkin.
Chiptalari yo‘q hamda unda ko‘rsatilgan ma’lumotlar shaxsni tasdiqlovchi hujjatlardagi ma’lumotlariga mos kelmaydiganlarning perronga o‘tishiga va yo‘lovchi tashish vagonlariga kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kelasi yildan tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish tariflari erkin belgilanadi. Yanvargacha “O‘zbekiston temir yo‘llari” va uning tarkibidagi korxonalar negizida yangi muassasalar tashkil etiladi.
Avvalroq Senatda “Uzbekistan Airways” kompaniyasi kassalari orqali aviachipta sotib olishda fuqarolik pasporti talab qilinishi tanqid qilingandi. Kompaniya kassalar orqali aviachipta sotib olishda fuqarolik pasportini talab qiluvchi mezonlar mavjud emasligini bildirdi.