“Skoda” kompaniyalar guruhi O‘zbekiston hukumati bilan elektropoyezdlar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdi. Bu haqda Polshaning “Kurier Kolejowy” nashri xabar berdi.
Hujjatlarni imzolash marosimi 11-oktabr kuni O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Chexiyaga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va transport vaziri Ilhom Mahkamov ishtirok etdi.
Shartnoma doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” Chexiya guruhidan 1520 mm kalibrli 30ta to‘rt vagonli poyezd sotib oladi. Qayd etilishicha, “Skoda” Latviya va Estoniya uchun ham xuddi shunday poyezdlarni ishlab chiqargan.
Kelajakdagi vagonlar qisman past qavatli bo‘ladi. Ular ichki va tashqi videokuzatuv tizimlari hamda Wi-Fi nuqtalari bilan jihozlanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, ishlab chiqarish 2024-yilda boshlanishi kutilmoqda. “Skoda” kompaniyasining Markaziy va Sharqiy mintaqalar bo‘yicha rahbari Zdenek Svataning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ish jarayonlarining asosiy qismi Ostravadagi zavodda amalga oshiriladi, lekin montaj ishlarining bir qismi O‘zbekistonda olib boriladi.
Shartnoma qiymati 320 mln yevroga baholanib, bu chex kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda tuzilgan eng yirik shartnoma sifatida ta’kidlanmoqda. Loyiha Chexiya banklari tomonidan EGAP eksport sug‘urta agentligi ko‘magida moliyalashtiriladi.
“O‘zbekistonga poyezd yetkazib beruvchi sifatida tanlanganimiz nafaqat jihozlarimiz sifatini ko‘rsatadi, balki, xalqaro hamkorligimizni mustahkamlashdagi muhim qadam bo‘ladi”, — dedi Svata.
O‘z navbatida, Abdulla Aripov O‘zbekistonga chex poyezdlarini yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomani revolyutsiya sifatida baholadi. U “Skoda” bilan hamkorlik qilish uchun “yuqori potensial” mavjudligini ta’kidladi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonga Janubiy Koreya va Chexiyadan elektropoyezdlar xarid qilinishi haqida yozgandi. “Hyundai Rotem"dan 6ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezd, “Skoda” kompaniyasidan esa 30ta elektropoyezd sotib olinishi qayd etilgandi.