13-oktabr kuni Toshkentning ikkita tumanidagi ayrim hududlarda elektr ta’minoti vaqtincha o‘chiriladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” Toshkent shahar filiali matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, quyidagi hududlardagi iste’molchilarga elektr energiyasi vaqtincha yetkazib berilmaydi:
- Mirzo Ulug‘bek tumani: “Gulzorobod” MFYning ayrim ko‘chalarida soat 09:00dan 16:00gacha;
- Sergeli tumani: “Yangihayot” MFYning ayrim ko‘chalarida soat 09:00dan 16:00gacha.
Mazkur hududlarda ta’mirlash ishlari belgilangan vaqtdan avvalroq yakunlanishi mumkinligi qayd etilgan.
Elektr tarmoqlarini qish mavsumiga tayyorlash bir necha oydan buyon davom etmoqda. Yoz boshida poytaxtda mavsumdagi eng yirik elektr o‘chirilishi sodir bo‘ldi: 8-iyun kuni sakkizta tumanda elektr energiyasi uzildi.
Avgust oyi boshida Energetika vazirligi energiya yetkazib berishda yuzaga kelayotgan uzilishlar bo‘yicha munosabat bildirdi. Kuchli issiq harorat elektr energiyasidan fodalanishning karrasiga oshishiga olib kelgani ta’kidlandi.
Undan keyin, davlat rahbari kuz-qish mavsumida energetika tizimining barqaror ishlashini ta’minlash uchun favqulodda rejimga o‘tishni ma’lum qildi.
Ikkinchi yarim yillikda 30 mlrd kub metr gaz qazib chiqarish va 41 mlrd kilovatt soat elektr ishlab chiqarish, ularni iste’molchilarga uzluksiz yetkazib berish topshirildi.