Farg‘onada elektromobillar ishlab chiqarishga qaratilgan uch bosqichli loyihaning dastlabki bosqichini boshlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov xitoylik investorlar guruhi bilan uchrashdi. Unda viloyat hududida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoy sarmoyasi hisobidan amalga oshirish rejalashtirilayotgan loyihalar muhokama qilindi.

Elektromobillar ishlab chiqarish rejalashtirilgan uch bosqichli loyihaning birinchi bosqichida Xitoy avtomobillarini sotish uchun avtosalon ochishga kirishilmoqda. Bunda, aholining talabini o‘rganish natijasida yuqori talabga ega avtomobillar olib kelinishi belgilanmoqda.

Ikkinchi bosqichda ularni viloyat hududida yig‘ish yo‘lga qo‘yiladi. Uchinchi bosqichda esa avtomobil ishlab chiqarishni to‘la mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan. Loyiha qaysi kompaniya tomonidan amalga oshirilishi keltirilmagan.

Shuningdek, tabiiy hamda sun’iy aralashmali matolar to‘qish, ularni qayta bo‘yash va gul bosish korxonasini tashkil etish bo‘yicha ish olib borilayotgani qayd etildi.

Farg‘ona shahridagi “Baqay” kichik sanoat zonasida joylashtirish ko‘zda tutilayotgan misni qayta ishlash korxonasiga yaqin kunlarda “tamal toshi” qo‘yilishi ma’lum qilindi.

Xayrullo Bozorov viloyat iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan mazkur loyihalarni qo‘llab-quvvatlab, tez va muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanligini qayd etdi.

Farg‘onada elektromobillar ishlab chiqarish

2018-yilning iyun oyida Xitoyning “Changan Automobile Group” kompaniyasi Farg‘ona vodiysida kelgusida mahalliylashtirish istiqboliga ega elektromobillarni yig‘ish sexini qurish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish niyatini bildirdi.

2019-yilning may oyida Qo’qon EIZ hududida “Hyundai” elektromobillarini ishlab chiqarish ma’lum qilindi. Loyiha 2023-yilda ishga tushirilishi qayd etilgandi.

Sentabrga kelib, “Shaffof omadli sanoat” korxonasida Xitoy bilan elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish xabar berildi. Undan keyin, mazkur elektromobillar 150 kilometr masofani bosib o‘ta olishi aytildi. Dekabrga borib esa elektromobillarni ishlab chiqarish 2022-yilda boshlanishi xabar berildi.

2021-yilning sentabrida Farg‘onada “Central Asia Motors” korxonasi negizida elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilishi xabar beriladi. O‘sha yilning oktabriga borib, barcha ishlarni yakunlash 2022-yilgacha belgilangani ma’lum bo‘ldi.

2022-yilning oktabrida prezident mamlakatda elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etish, quvvatlash stansiyalarini ko‘paytirish bo‘yicha taklif va topshiriqlar berildi. Undan oldin esa elektromobillarni ishlab chiqarish tarmog‘iga asos solish niyatini bildirgandi.

O‘tgan yilning dekabrida “Elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

2024-yilgacha mamlakatda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari soni kamida 2 500 taga yetkaziladi. “Hududiy elektr tarmoqlari” tomonidan kamida 500 ta elektromobillarni quvvatlash stansiyalari barpo etiladi.

2030-yilgacha mamlakatda ishlab chiqarilgan elektromobillar va gibrid avtomobillar utilizatsiya yig‘imidan ozod etiladi. O‘zbekiston elektromobillarini sotib olish uchun olinadigan kredit foizlarining ma’lum bir qismi davlat tomonidan qoplab berilishi belgilangan.


Avvalroq Xitoyning “Dongfeng Motor” kompaniyasi Farg‘onada elektrobuslar ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.