Joriy yilning iyul oyida Yoshlar akademiyasi “Bo‘lajak olim” tanlovi doirasida startaplardan arizalar qabul qilishni boshlagandi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, Yoshlar akademiyasi saytida texnik nosozlik yuzaga kelgan.

Shu sabab, 20-avgustdan keyin ariza qoldirgan yoshlardanyangi havola orqali qayta ariza jo‘natish so‘ralmoqda.

Topshirilgan arizalar holati bo‘yicha ma’lumotlarni 90 914 77 87 raqamidan olish mumkin. Ilmiy g‘oya va loyihalar startap o‘rnida qabul qilinmaydi.

Taklif etilayotgan startap loyihasi innovatsion element va ilmiy yangilikka ega bo‘lishi kerak.

Loyihani amalga oshirish uchun talab qilinishi mumkin bo‘lgan mablag‘ning maksimal miqdori BHMning 3000 baravaridan (990 mln so‘m) oshmasligi zarur.

Shuningdek, loyiha asoschilari 40 yoshdan past bo‘lishi shart hamda har qanday ilmiy daraja va lavozimlarga ega nomzodlar ishtirok etishlari mumkin. Har bir jamoadan faqat bitta ariza qabul qilinadi.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak:

  • startap loyiha hujjatlari;
  • startap rahbarining ma’lumotnomasi;
  • startap loyiha taqdimoti.

Ishtirokchi namunaviy shakllar asosida ariza topshirishi lozim. Bunda quyidagilarga e’tibor beriladi:

  • taqdim etilgan startap loyihalar tanlov talablariga qaťiy rioya qilinganligi;
  • loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi;
  • ko‘chirmachilikka (plagiat) yo‘l qo‘yilmaganligi.

Arizalar belgilangan talablar asosida shakllantirilganligi bo‘yicha dastlabki texnik ekspertizadan o‘tkaziladi. Undan o‘tmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi.

Loyihalardagi ma’lumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi, shuningdek, belgilangan, kutilayotgan natijalar to‘liq va o‘z vaqtida sifatli bajarilishiga startap loyiha mualliflari shaxsan javobgar hisoblanadi.

Hujjatlarni joriy yilning 30-noyabrigacha havola orqali jo‘natish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq “Yandex” kompaniyasi dasturlash bo‘yicha “Yandex Cup” chempionatiga arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi.