Andijonda Xitoy investitsiyasi asosida yopiq muz kurorti qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha, viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov Xitoydan tashrif buyurgan investorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda qayd etildi.

Xususan, turizm sohasini rivojlantirish va xorijiy sayyohlarni jalb etish maqsadida 4 gektar maydonda yopiq muz kurortini qurish masalalari ko‘rib chiqildi.

Loyiha qiymati $12 mlnni tashkil etib, yopiq muz kurortida 500ta avtomobil kirish imkoniyatiga ega avtoturargoh, sport maydonchalari, kinoteatr, restoran va boshqa xizmat ko‘rsatish faoliyatlari yo‘lga qo‘yiladi.

andijon, xitoy, yopiq muz kurorti

Qayd etilishicha, mazkur loyiha 365 kun, 24 soat mobaynida ishlash quvvatiga mo‘ljallangan holda ishlab chiqilgan. Loyiha uchun ajratiladigan joy Xonobod shahridan taklif etilgan.

Shuningdek, tomonlar mevalarni qayta ishlash orqali eksport qilish imkoniyatlarini ham muhokama qilishdi.

Avvalroq Xitoyning “Xinjiang Tian jiao Hong an Agricultural” kompaniyasi Andijonda qalampirni qayta ishlash loyihasini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

Loyiha qiymati $10 mln bo‘lib, uning ishga tushirilishi natijasida yiliga qariyb $30 mlnlik mahsulot eksport qilish imkoni yaratiladi.

Shuningdek, Xitoyning “Faw Group” kompaniyasi tomonidan viloyatda “Faw” brendi ostida yuk mashinalari ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushirildi.