12-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev sanoat va uning tayanch tarmoqlarini jadal rivojlantirishga qaratilgan qarorni imzoladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” nashri.
Unga ko‘ra, davlat sanoat siyosatini amalga oshirish va bazaviy tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha vazifa va funksiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuklatilmoqda.
Ilgari bu Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi zimmasiga yuklatilgan bo‘lib, vazirlik mahalliy sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish, investitsiya, eksport, mahalliylashtirish va sanoat zonalarini rivojlantirish yo‘nalishlarini saqlab qolgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining sanoatni rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- yagona davlat sanoat siyosatini amalga oshirish va sanoat tarmoqlarini rivojlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etish;
- tabiiy xomashyo, mehnat resurslari va hududlarning “qiyosiy ustunliklarini” hisobga olgan holda sanoat rivojlanishini rag‘batlantiruvchi sohalarni aniqlash va ularni amalga oshirishni muvofiqlashtirish;
- sanoatning asosiy tarmoqlarini, jumladan, neft-gaz, energetika, kimyo, tog‘-kon sanoati va avtomobilsozlikni rivojlantirish, raqobatbardoshligini oshirish, diversifikatsiya qilish va isloh qilish bo‘yicha strategiya va dasturlarni ishlab chiqish;
- resurslarning tarmoqlar va hududlar o‘rtasida mutanosib taqsimlanishini va infratuzilmaning mutanosib rivojlanishini ta’minlash;
- manfaatdor vazirliklar bilan birgalikda energiya resurslari, qimmatbaho va rangli metallar, boshqa strategik resurslarni ishlab chiqarish, ularning iste’mol balansini shakllantirish va nazorat qilish hamda ishlab chiqarish kuchlarini maqbullashtirish;
- sohalarda mehnat unumdorligini oshirish, energiya va boshqa ishlab chiqarish resurslarini tejash, ishlab chiqarish tannarxini kamaytirish va ish samaradorligini oshirish uchun yangi mexanizm va yondashuvlardan foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish;
- muhim sanoat mahsulotlarining bozor konyunkturasini o‘rganish, ichki bozor talabini tegishli mahsulotlar bilan qondirish va narxlarning keskin o‘zgarishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha taklif va chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda sanoat korxonalarining mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sanoatni rivojlantirish bo‘yicha berilgan vakolatlarni hisobga olgan holda iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning o‘rinbosarlariga qo‘shimcha vazifalar yuklatilgan.
Vazirning birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov endilikda mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar uchun global iqtisodiy-moliyaviy vaziyat hamda bozor konyunkturasi xavfini baholashga ham mas’ul bo‘ladi.
Shuningdek, u mazkur hodisalarning salbiy ta’sirini yumshatish va oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishni muvofiqlashtiradi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlash uchun sohalar, tarmoqlar va hududlar bo‘yicha maqsadli prognoz parametrlarini shakllantiradi.
Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Bobur Xo‘jayevga quyidagilar yuklatilmoqda:
- Iqtisodiyot va moliya vazirligining sanoatni rivojlantirish bo‘yicha hududiy boshqarmalari va bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish, sanoat siyosatini ishlab chiqish va uni amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lish;
- yirik sanoat korxonalarida va hududlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini monitoring qilish hamda prognoz ko‘rsatkichlariga erishishda mavjud risklarni aniqlash va bartaraf etish;
- korxonalarni bazaviy tarmoqlarga aylantirish, mahsulot va xizmatlar tannarxini pasaytirish, ularning moliyaviy barqarorligi va faoliyat samaradorligini oshirish;
- Energetika vazirligi bilan birgalikda — elektr energiyasi va tabiiy gaz bozorlarini isloh qilish va rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun;
- iqtisodiyot tarmoqlarida tarif siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlarini tahlil qilish va qabul qilish.
Vazir o‘rinbosari Abiz Boboyev hududlarni sanoat rivojlanishi bo‘yicha ishlab chiqarish infratuzilmasini takomillashtirish, sanoat zonalari va yangi tashkil etilayotgan yirik korxonalarning infratuzilma ta’minoti holatini tahlil qilish, ularni moliyalashtirishni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi.
Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb etgan holda sanoat siyosatini amalga oshirish va bazaviy tarmoqlarni rivojlantirish yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha loyiha byurosini tashkil etish rejalashtirilgan. Istisno tarzida, Iqtisodiyot va moliya vazirligi xalqaro konsalting kompaniyalari bilan bevosita shartnomalar tuzishi mumkin.
Hukumatga ikki hafta muddatda mazkur qaror asosida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligini qayta tashkil etish to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasini ko‘rib chiqish uchun kiritish topshirildi.
Avvalroq aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingandi.