Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston temir yo‘l sohasini isloh qilish bo‘yicha tegishli qarorni qabul qilgandi.
Hujjat bilan, “O‘zbekiston temir yo‘llari"ni 2025-yilgacha raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangan. Buning uchun davlat kompaniyasi va tegishli idoralar tanlov asosida xalqaro konsultantlarni jalb qiladi.
2025-yildan kechiktirmay yo‘lovchi tashishni boshqarishning milliy avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi. Shuningdek, alohida reja asosida (aniq sanani ko‘rsatilmagan) yuk tashish uchun ham xuddi shunday tizim yaratish rejalashtirilmoqda.
Joriy yilning dekabrigacha “O‘zbekiston temir yo‘llari” va qo‘shni davlatlarning temir yo‘l ma’muriyatlarining axborot tizimlari bilan tashish hujjatlarining elektron almashinuvini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Yuk tashish sohasida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha “Yagona darcha” axborot tizimi xalqaro tashishlarda hujjatlarning kelishuvini onlayn ko‘rinishda amalga oshirish maqsadida xalqaro “Mesplan” bilan integratsiya qilinadi. Bu jarayaon 2024-yilning dekabrigacha yakunlanishi belgilangan.
Bundan tashqari, Bojxona qo‘mitasining axborot tizimlari, xususan, “E-tranzit” “O‘zbekiston temir yo‘llari"ning tegishli tizimlariga integratsiya qilinadi. Uning yordamida yuk uchun qo‘shimcha hujjatlarni avtomatik ravishda taqdim etish mumkin bo‘ladi.
Yana bir yo‘nalish — temir yo‘l stansiyalarida yuk tashuvchilardan kelib tushgan arizalarni tasdiqlashni avtomatlashtirish. Bu mahalliy yuk tashuvchilar uchun tashuvlar jarayonining bosqichlarini qisqartirish va stansiya faol holatda ekanligini avtomatik tekshirish imkonini beradi.
Shuningdek, hujjat bilan 2024-yil yakungacha “E-Transport” tizimi joriy etiladi. 2025-yilning dekabrigacha esa “O‘zbekiston temir yo‘llari” axborot tizimlari ma’lumotlarining yagona “BI” modeli yaratiladi.
Mazkur qaror bilan, 2023−2026 yillarda sohani rivojlantirish bo‘yicha Janubiy Koreya va Chexiyadan O‘zbekistonga elektropoyezdlar xarid qilish belgilangan.
Chexiyaning “Skoda” kompaniyalar guruhi O‘zbekiston hukumati bilan elektropoyezdlar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdi.