Jahon banki O‘zbekistonda toza energiya ishlab chiqarish va energiya subsidiyalarini isloh qilishda yordam beradi. Bu haqda bank matbout xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha, hukumat va Jahon banki o‘rtasida $46,25 mln miqdoridagi moliyalashtirish bitimi imzolandi. Mablag‘lar “O‘zbekiston energetika sektorini transformatsiya qilish uchun innovatsion uglerodli moliyalashtirish” (iCRAFT) loyihasini amalga oshirish doirasida ishlatiladi.
Loyiha bankning Uglerod aktivlarini transformatsiya qilish jamg‘armasi (TCAF) tomonidan moliyalashtirilib, mamlakatda toza energiya ishlab chiqarish, energiya samaradorligini oshirish va energiya subsidiyalarini isloh qilishga yo‘naltiriladi.
iCRAFT loyihasi bankning energetika sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha birinchi global tashabbusi bo‘lib, ma’lum bir sohadagi aniq natijalar uchun to‘lovlar orqali issiqxona gazlari emissiyalarini kamaytirishni rag‘batlantiradi.
“Yangi loyiha energiyaning ortiqcha sarfiga olib keladigan subsidiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilish va subsidiyalarga sarflangan budjet mablag‘larini sog‘liqni saqlash, ta’lim va aholini ijtimoiy himoya qilish kabi boshqa ustuvor yo‘nalishlarga ajratishdagi birinchi qadamdir”, — dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova.
Loyiha O‘zbekistonga iqlim o‘zgarishi sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishda va energiya resurslaridan samarali foydalanishda yordam beradi.
O‘zbekiston nisbiy energiya sarfi va issiqxona gazlari emissiyasi eng yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiradi. Ushbu holat mamlakatda energiya ishlab chiqarish va uzatish uchun yuqori subsidiyalar bilan izohlanadi. Bu amaliyot natijasida elektr va gaz tariflari past.
Shu tariqa, energiya korxonalari tomonidan yetkazib beriladigan xizmatlardan olinadigan daromadlar tegishli energiya turlarini ishlab chiqarish va iste’molchilarga yetkazib berish xarajatlarini qoplash uchun yetarli emas.
O‘z navbatida, arzon tariflar energiyani tejash hamda uy xo‘jaliklari va xususiy sektorda energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab quvvatlamaydi. Hukumat tomonidan energiyani ishlab chiqarish xarajatlariga moslashtirish maqsadida energiya tariflarining bosqichma-bosqich ko‘tarilishiga oid islohotlar boshlandi.
Loyiha doirasida taqdim etilgan mablag‘larning bir qismi aholining kam ta’minlangan xonadonlarni tariflarning ko‘tarilishidan himoya qilish uchun sarflanadi. Jumladan, loyiha “yashil” iqtisodiyotga o‘tish bo‘yicha davlat dasturini va energetika sohasini isloh qilishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishni qo‘llab quvvatlaydi.
SHuningdek, loyiha O‘zbekistonga “uglerod kreditlari” bo‘yicha xalqaro pilot bitimi orqali xalqaro uglerod bozorlariga kirishga yordam beradi. Bu esa mamlakatning “yashil” iqtisodiyotga o‘tishini tezlashtiradi.
“Prognozlarga ko‘ra, loyihani amalga oshirish davrida karbonat angidrid emissiyasini qariyb 60 mln tonnaga kamaytira olamiz”, — dedi O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari va Jahon banki guruhi menejeri Jamshid Qo‘chqorov.
Vazirning qayd etishicha, mazkur 60 mln tonnadan loyiha doirasida mamlakatdan 2−2,5 mln tonna karbonat angidrid sotib olinadi. Qolgan uglerod birliklari loyiha davomida yaratilgan va sinovdan o‘tgan tizimlar, infratuzilma va mexanizmlardan foydalanib, xalqaro uglerod bozorlarida sotishi mumkin bo‘ladi.
Joriy yilning iyul oyida bank energiya samaradorligini oshirish uchun O‘zbekistonga mablag‘ ajratishi ma’lum qilingandi.