“UzAuto Motors” sotuvi boshlanishi reja qilinayotgan “Chevrolet Captiva-5” narxlarini e’lon qildi.
Kompaniyaning rasmiy sahifasida joylashtirilgan xabarda ma’lum qilinishicha, yangilangan Captiva-5 LT1 , LT 2, va Premier komplektatsiyalarida sotuvga chiqariladi.
Ularning narxlari quyidagicha bo‘ladi:
- LT1 (5 o‘rindiqli): 299 mln 900 ming so‘m;
- LT2 (7 o‘rindiqli): 319 mln 900 ming so‘m;
- Premier (7 o‘rindiqli): 349 mln 900 ming so‘m.
Narxlar qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olgan holda ko‘rsatilgan.
Sentabr oyida “UzAuto Motors” sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, Captiva-5 sotuvi shartnomalar 1−1,5 oy ichida ochilishi mumkinligini qayd etgandi.
“Captiva” modeli O‘zbekiston bozoriga 2007-yilda kirgan. O‘sha yilning oktabr oyida mamlakatda avtomobilni yig‘ish boshlandi. 2011-yilning sentabr va 2017-yilning fevral oylarida model yangilandi.
2018-yilning sentabrida “GM” modellar safini yangilash global strategiyasining bir qismi sifatida ishlab chiqarish to‘xtatilishini ma’lum qildi.
2021-yilning sentabr oyida “UzAuto Motors” yangi 2022-yilgi “Chevrolet Captiva” krossoverining to‘rtta komplektatsiyada sotilishini e’lon qildi. O‘shanda narxlar 192,7 mln so‘mdan boshlangandi.
Biroq, o‘sha yilning noyabr oyida kompaniya savdoni to‘xtatdi. Sabab sifatida model O‘zbekiston iqlimiga mos emasligi aytilgandi.
Avvalro “Spot” “UzAuto Motors” Lacetti, Cobalt va Damas avtomobillari uchun kontraktatsiyani ochishi haqida yozgandi.
Kompaniya tarqalgan xabarlarni rad etib, yil oxirigacha ommabop avtomobillar uchun shartnomalarni ochishini ma’lum qildi.