O‘zbekiston elchisi Abdulaziz Aqqulov BAA Fuqaro aviatsiyasi bosh idorasi direktori Saif Muhammad Al Suvaydiy bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” muxbiri.

Muloqot chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi mavjud aviaqatnovlar sonini oshirish, berilgan so‘rovlarni ko‘rib chiqish jarayonini tezlashtirish hamda kelgusida o‘zaro manfaatli qatnovlarni hududiy aeroportlarga ham yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Saif Muhammad Al Suvaydiy ikki davlat o‘rtasidagi parvozlar mavsumiylikdan kelib chiqib, 2023-yilda 46 tagacha yetganini ma’lum qildi.

U, shuningdek, Amirliklar tomoni parvozlar sonini yanada oshirishdan manfaatdorligini bildirdi.

Toshkent shahri bilan bir qatorda Samarqand, Buxoro, Urganch va Namangan shaharlariga yangi parvozlarni yo‘lga qo‘yish va mavjudlari sonini oshirish, BAA aviakompaniyalari nafaqat Amirliklardan, balki Yaqin Sharq davlatlaridan sayyohlarni tashishda ko‘prik vazifasini bajarishi mumkinligi qayd etildi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuv so‘nggida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi parvozlar sonini oshirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish, elchixona ko‘magida tegishli kompaniya va tashkilotlar bilan maslahatlashuvlarni tashkil etish bo‘yicha kelishib oldilar.

Avvalroq “Wizz Air” aviakompaniyasi Abu-Dabi-Buxoro yo‘nalishida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.

Aviakompaniya O‘zbekistonga sayyohlarni jalb qilish uchun yangi reyslar tashkil etish taklifiga rozilik bildirgan.


Avvalroq “Spot” “Uzbekistan Airways” Farg‘ona-Dubay-Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.