O‘zbekiston axborot-kommunikatsiya hamda raqamli texnologiyalar sohasida Xitoy bilan yangi kelishuvlarga erishdi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbout xizmati xabar berdi.

Vazir Sherzod Shermatov bilan Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vaziri Szin Chjuanlun o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilibb, ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar axborot kommunikatsiyalari va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjat infratuzilmani o‘zaro bog‘lash, aloqa tarmog‘ini qurish, 5G, tarmoq xavfsizligini ta’minlashni o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, memorandumda elektron hukumat, raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellektga oid bilim va amaliy tajriba almashish belgilangan.

Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida quyidagilar bo‘yicha tajriba almashishga kelishildi:

  • bulutli hisoblash;
  • internet, katta ma’lumotlar va ochiq ma’lumotlar;
  • tarmoq xavfsizligi va ma’lumotlarni himoya qilish;
  • ma’lumotlar markazlari va boshqa sohalarda yangi tendensiyalar;
  • ilovalarni joriy etish.

Memorandumning imzolanishi ikki tomon o‘rtasida hamkorlik salohiyatini yanada kengroq ochib berishga hamda sohalarda hamkorlikka ko‘maklashishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

Sherzod Shermatov Xitoy bilan aloqa va almashinuvlarni mustahkamlash, ikki vazirlik o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini amalga oshirishga ko‘maklashish hamda tegishli sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirishni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Sentabr oyi boshida Xitoyning “Dezhou Huake Semiconductor” hamda “Bitmain Huake Semiconductor Research Institute” qo‘shma korxonasi bilan raqamli intellektual datchiklar va chiplarni ishlab chiqarish bo‘yicha tadqiqotlar markazini tashkil etishga kelishib olgandi.


Avvalroq “Spot” xitoylik investorlar Andijonda loyiha qiymati $12 mln bo‘lgan yopiq muz kurortini qurishi haqida xabar bergandi.