Rossiya Iqtisodiyot vaziri Maksim Reshetnikov “Kommersant” nashriga bergan intervyusida O‘zbekiston bilan o‘zaro savdo holati hamda mamlakatda rossiyalik investorlar ishtirokida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini baholadi.
Maksim Reshetnikov O‘zbekistonda sanoatlashtirish amalga oshirilayotganini va mamlakat ochiqligini qayd etib, Rossiya biznesi mamlakatda ham rivojlanishiga, bu bozorni egallash uchun ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi.
Shu bilan birga, u raqobat kuchli bo‘lishiga qaramay, hamma uchun yetarli joy mavjud ekanini ta’kidladi.
“Biroz kengroq gapiradigan bo‘lsak, hamkasblarimiz tajribamizni juda faol va qizish bilan hayotga tatbiq etganlari muhim. Masalan, u yerda [O‘zbekistonda] Rossiya investitsiyalarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari — texnoparklar, sanoat parklari, MIZlar juda keng qo‘llaniladi”, — dedi u.
Bunda, u Rossiya hududlari, jumladan, Tatariston faol ishlayotganini bildirib, O‘zbekistondagi texnoparklarda aynan, Tataristondan kelgan ishchilar ishlashini qayd etdi.
Vazir Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi eksport va import borasidagi zaifliklarga to‘xtalib, bu borada yechimini izlayotgan muammolar yuzaga kelganini shu bilan birga, ular hal qilinganini ta’kidladi.
“Masalan, neft va gaz kimyosi sohasida muammolar bor edi. O‘zbekistondan polietilen bo‘yicha antidemping tekshiruvi o‘tkazildi, lekin biz kelishuvlarga erishdik va muvozanatli siyosat bo‘yicha kelishib oldik. Mamlakat ishlab chiqaruvchilari narx majburiyatlarini o‘z zimmalariga olib, YeOII bozoriga yetkazib berish uchun taklif etilayotgan mahsulot hajmini kelishishdi”, — dedi u.
U eksport haqida fikrini davom etarkan, Rossiya bozoriga arzonroq mahsulotlarning yetkazib berilishi yaxshi ekanligini, bu raqobatni qo‘llab-quvvatlashi va iste’molchilar uchun foydali bo‘lishini ta’kidladi.
Boshqa tomondan, ba’zida, turli sharoitlarda shakllangan narxlash qanday ishlashi borasida savol tug‘ilishi hamda tomonlarning o‘zaro qiziqishi inobatga olinib, balans to‘g‘rilanishi qayd etildi.
Yana qanday loyihalar amalga oshiriladi?
Shuningdek, vazir Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga tashrifi doirasida yana qanday muhokamalar olib borilgani haqidagi savolga, savdo-sotiq, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini yanada rivojlantirish va qo‘shma ishlab chiqarishni tashkil etish kabilarni bildirdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston iqtisodiyotiga Rossiya investitsiyalarini kengaytirish belgilanmoqda. U yerda bizning 2,7 trln rublga teng loyihalar portfelimiz mavjud.
“Biz O‘zbekiston iqtisodiyotiga, lekin aniq loyihalarga kredit ajratamiz. Ya’ni, bu nafaqat joriy xarajatlarni kreditlash, balki keyingi rivojlantirishga yo‘naltirilgan investitsiyalar demakdir. Bir tomondan, keng imkoniyat va „ishtaha“ ortib bormoqda, boshqa tomondan esa risk limiti mavjud. Biz ularni kuzatib boramiz va minimallashtirish uchun kengaytirish variantlarini izlashimiz kerak. Qarz mablag‘larisiz, balki kapital bilan kirib, qarz mablag‘larini ichkaridan olamiz”, — dedi Reshetnikov
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, eksport importdan ko‘p bo‘lishiga qaramay, bundagi bo‘shliq halokatli emas, bu mineral resurslarni yetkazib berish hamda ularning narxiga qarab o‘zgaradi.
“Eng muhimi, milliy valyutalardagi ulushimiz yaxshi — birinchi yarim yillik yakunlariga ko‘ra, bu 55%ni tashkil etdi. Bundan tashqari, ko‘plab O‘zbekiston banklari Rossiya bankining moliyaviy xabarlarni uzatish tizimiga ulangan. Ikki tomonlama ko‘plab vakillik hisoblari ochildi. Bu yerda 100% O‘zbekiston ishtirokidagi banklar ham mavjud. Shu jihatdan, yetarlicha barqaror moliyaviy munosabatlar qurilgan deb ayta olamiz”, — dedi u.
Avvalroq Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Dmitriy Volvach O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida qo‘shma strategik rivojlanish markazi tashkil etilishini ma’lum qilgandi. Maksim Reshetnikov bu haqda fikr bildirib, markaz biznes vakillari uchun oyna, tomonlar uchun esa ko‘prik bo‘lishini ta’kidladi.
“Bu biznes uchun oyna, biz uchun esa ko‘prik. Bir vaqtning o‘zida ham O‘zbekiston, ham Rossiya qonunchiligini biladigan mutaxassislarni jalb qilamiz”, — dedi Reshetnikov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha doirasida iqtisod bilan shug‘ullanayotgan yoshlar bilan ishlash belgilangan, vazirning qayd etishicha, bu orqali rossiyalik yosh mutaxassislarning O‘zbekistonga qiziqishini orttirish mumkin. “Chunki mamlakat ham iqtisodiy, ham madaniy jihatdan noyobdir”, deya so‘zini yakunlagan u.
Avvalroq Dmitriy Volvach O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi tashqi savdo to‘lovlarining yarmidan ko‘pi milliy valyutada amalga oshirilganini ma’lum qilgandi.
Ikki mamlakat hududlari o‘rtasida o‘tkazilgan biznes forumda $3,5 mlrdlik hujjatlar imzolangan. Shuningdek, Samarqandda Rossiyaning bosh konsulxonasini ta’sis etish hamda vakolatli iqtisodiy operator institutlarini o‘zaro tan olish belgilangan.