Rossiya qo‘shni davlatlar, jumladan, O‘zbekistondan yetkazib berish sezilarli darajada oshgani evaziga Yevropa sanksiyalarini chetlab o‘tmoqda. Bu haqda bir qator mamlakatlar bojxona statistikasini o‘rgangan “The Bell” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2023-yilning birinchi yarmida Rossiya o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qo‘shni davlatlardan importni 37%ga ($14,1 mlrdgacha) oshirgan. Shu bilan birga, Rossiyaga qo‘shni davlatlar olti oy ichida Yevropadan importni 22%ga oshirdi.

2022-yilda Qozog‘iston, Gruziya, Armaniston, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkiyadan Rossiyaga eksport hajmi uchdan biriga oshib, $25,8 mlrdni tashkil etdi.

“Eurostat” ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Rossiyaga qo‘shni davlatlar bir qator Yevropa tovarlari importini oshirgan.

Ular orasida: telekommunikatsiya uskunalari, mikroelektronika, elektr jihozlari, transport uskunalari, ma’lumotlarni qayta ishlash uchun elektron uskunalar (kompyuterlar, serverlar, qattiq disklar, smartfonlar, kompyuterning tashqi qurilmalari).

chetlab o'tish, mdh, o‘zbekiston, rossiya, sanksiyalar

YeTTB iqtisodchilari fevral oyida Rossiya Yevropa Ittifoqi cheklovlarini qo‘shni davlatlar, ya’ni Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Gruziya orqali chetlab o‘tayotganini ta’kidladi.

Iyun oyida Kiyev iqtisodiyot maktabi va Yermak-Makfol sanksiya guruhi iqtisodchilari hisobotda o‘zbekistonlik Foton tajriba-konstruktorlik byurosi tomonidan ishlab chiqarilgan detal Ukrainadagi Rossiya qurollarida topilganligi haqida xabar berishdi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda O‘zbekistonning Rossiyaga eksporti 46,8%ga oshib, $3,08 mlrdni, 2023 yilning yanvar-iyun oylarida esa 5,5%ga oshib, $1,27 mlrdni tashkil qilgan.


Avvalroq “Spot” Yevroparlament O‘zbekistonni sanksiyalarni chetlab o‘tishda e’tiborli bo‘lishga chaqirgani haqida yozgandi.

Yevropa sanoat manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lgan ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilishda mamlakatning potensial rolini oshirish taklif qilingan.