“Rossiya temir yo‘llari” joriy yilning dekabr oyidan “Toshkent-Chelyabinsk” shaharlararo poyezdi qatnovini tiklaydi. Bu haqda Rossiya davlat kompaniyasi matbuot xizmatiga tayanib, “Kommersant” nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, 10-adekabrdan boshlab butun Rossiya temir yo‘llari tarmog‘i Toshkent-Chelyabinsk yo‘nalishida shaharlararo poyezdlar qatnovini tiklaydi.
Yangilangan jadval va poyezdlarni shakllantirish rejasi yil davomida amal qiladi. Biroq, “Rossiya temir yo‘llari” hali yangi jadvalni taqdim etmagan.
2020-yilning mart oyida COVID-19 pandemiyasi sabab Chelyabinsk viloyati va O‘zbekiston o‘rtasidagi 365/366-sonli poyezdlar harakati to‘xtatilgandi.
Temir yo‘l qatnovi to‘xtatilgunga qadar Chelyabinskdan Toshkentga haftasiga ikki marta poyezdlar qatnagan va yo‘l vaqti deyarli 59 soatni tashkil etgan.
Avvalroq 2024-yili Qozon va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l qatnovi tiklanishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Hozirda temir yo‘l o‘tgan davlatlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” va “Rossiya temir yo‘llari” o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha memorandum imzolandi. Hujjat mamlakatlar o‘rtasida ikki tomonlama va tranzit kommunikatsiyalarini rivojlantirish hamda istiqbolli xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.