O‘zbekistonda Fransiya universitetining filiali ochilishi mumkin. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbout xizmati xabar berdi.

16-oktabr kuni vazir Ibrohim Abdurahmonov Fransiyaning Panteon Assas universiteti rektori Stefan Brakone bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Vazir 5000ta OTM o‘qituvchilarini xorijiy mamlakatlarda malakasini oshirish hamda 200 nafar yoshlarning xorijiy universitetlarda PhD darajasiga o‘qishini tashkil etish vazifa mavjudligini inobatga olib, universitet bilan bu yo‘nalishda hamkorlik qilish mumkinligini qayd etdi.

Uchrashuv doirasida tomonlar quyidagi uch yo‘nalishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar:

  • o‘zbekistonlik yoshlar uchun PhD darajasi ta’lim dasturlarini tashkil etish;
  • O‘zbekiston OTMlari o‘qituvchilarini Parij 2 Panteon Assas universitetida “train for trainers” tamoyilida o‘qitish;
  • loyihalarning samarali tashkil etilishi natijasida kelgusida universitet filialini tashkil etish masalasini o‘rganib chiqish.

Vazir mazkur kelishuvlardan iborat chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va qo‘yilgan vazifalarni ushbu reja asosida olib borish bo‘yicha tegishli topshiriqlarni berdi.

Panteon Assas universiteti Fransiyadagi qadimiy universitetlardan hisoblanib, Singapur, Dubay, Malayziyada 3ta xorijiy kampuslarga ega.

Hozirgacha universitetning ma’muriy markazi bo‘lgan asosiy bino 1770-yilda qurilgan. Parij II universiteti rasman 1970 yilda tashkil etilgan.

Universitet huquq, iqtisodiyot, siyosiy fanlar, menejment va axborot texnologiyalari sohalariga ixtisoslashgan.


Avvalroq O‘zbekistonda Janubiy Koreya aerokosmik universitetining filiali ochilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.