Shavkat Mirziyoyev 16-oktabr kuni Samarqandda Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasining 25-sessiyasini o‘tkazish doirasida mamlakatda bo‘lib turgan BMT tizimidagi mazkur tuzilma bosh kotibi Zurab Pololikashvilini qabul qildi.
Unda O‘zbekiston turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha BMTning ixtisoslashtirilgan instituti bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Turizm tarmog‘ini isloh qilishda O‘zbekistonning strategik hamkoriga aylangan UNWTO bilan yuqori darajaga erishilgani bilan qayd etildi.
“Ipak yo‘lida turizm” brendini keng yoyish, jumladan, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, mamlakatga turizm yo‘nalishlarini ommalashtirish, malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirish borasidagi qo‘shma sa’y-harakatlar baholandi.
Mamlakatda UNWTO Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasi o‘tkazilishi, uning doirasida Samarqandda Xalqaro turizm akademiyasi va “Ipak yo‘li” tematik ofisining ochilishi hamkorlikning muhim amaliy natijalari bo‘ldi.
UNWTO bosh kotibi prezidentga turizm sohasining joriy yilgi bosh xalqaro tadbiri yuqori saviyada tayyorlanishi va tashkil etilishiga ko‘rsatilgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi.
Forumda dunyoning 140dan ortiq mamlakatidan delegatsiyalar ishtirok etayotgani global va mintaqaviy turizm markazlaridan biri sifatida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganidan dalolat ekani ta’kidlandi.
Bosh Assambleya doirasida turizm sohasidagi yetakchi kompaniyalar, OTMlar va tashkilotlar ishtirokida investitsiya va ta’lim forumlari bo‘lib o‘tadi. Ular yakunida mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish yuzasidan aniq shartnoma va bitimlar imzolanishi kutilmoqda.
Uchrashuv yakunida yubiley sessiyaning asosiy yakunlarini amalga oshirish uchun qo‘shma “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.
Avvalroq prezident Butunjahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi yig‘ilishi hokimlarga mamlakat turizm salohiyatini ko‘rsatish uchun imkoniyat ekanini ta’kidlagandi.
Uning doirasida har bir viloyat hokimi o‘z delegatsiyalari bilan viloyatining tabiati, tarixi, madaniyati, ovqatlari, ziyoratgohlari, sayyohlik maskanlari va marshrutlarini namoyish qilishi, turizm loyihalari bo‘yicha kelishuvga erishishi shartligi belgilangan.