Fuqarolar Ruminiyada qurilish ishlariga taklif qilinmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekistonliklar payvandchi (MIG/MAG), CNC dastgohi operatori hamda chilangar sifatida ishlarga jalb qilinadi.

Ish vaqti haftasiga 40−48 soatni tashkil etadi, ish haqi 750 yevrodan boshlanadi (soliqlar chiqarib tashlanganda).

Qabul qilingan ishchilarga aviachipta, mamlakat ishchi vizasi va ishlash ruxsatnomasi, yotoqxona, bir mahal ovqat (tushlik), tibbiy va boshqa sug‘urtalar ish beruvchi hisobidan qoplab beriladi.

Nomzodlar 25−45 yosh oralig‘ida bo‘lishi, rus yoki ingliz tilini bilishi kerak. Bundan tashqari, quyidagi talablar ham mavjud:

  • qurilish sohasida 3 yillik ish tajribasi;
  • arxitektura-qurilish chizmalarini bilishi;
  • sudlanmagan bo‘lishi;
  • qurilish sohasida sertifikatga ega bo‘lishi.

Suhbatga biometrik va xorijga chiqish pasporti, kasbini tasdiqlovchi sertifikati bilan kelishi talab etiladi.

Tanlov o‘tkaziladigan hudud va sana:

  • 16−17-oktabr — Farg‘ona shahri, S.Timur ko‘chasi 245-uy. “Ishga marhamat” monomarkazi binosi;
  • 18−19-oktabr — Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Qoratosh ko‘chasi 44-uy;
  • 20-oktabr — Samarqand shahri, Narpay ko‘chasi 7b-uy. “Ishga marhamat” monomarkazi binosi.

Batafsil ma’lumotlarni (71) 202−33−55 (ichki raqam 66, 17) raqamlaridan olish mumkin.


Avvalroq o‘zbekistonliklar Litvaga ishga taklif qilinayotgani haqida xabar berilgandi. СЕ toifali guvohnomaga ega yuk avtomobili haydovchilari kuniga 77 yevro evaziga ishga joylashishi mumkin.