Shavkat Mirziyoyev 17-oktabr kuni Pekinga amaliy tashrif doirasida “Amer International” industrial-sanoat xoldingi raisi Van Veninni qabul qildi.
Van Venin O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar dasturi xorijiy, jumladan, Xitoy kompaniyalari uchun qulay sharoit yaratayotgani va keng imkoniyatlar ochayotganini ta’kidladi.
Kompaniya mamlakatga Markaziy Osiyo mintaqasidagi biznesining bosh yo‘nalishi sifatida qarayotgani qayd etildi.
Misni chuqur qayta ishlash va undan yuqori qo‘shilgan qiymatli innovatsion va xaridorgir mahsulotlar, xususan, elektrotexnika, elektromobillar uchun akkumulator batareyalari, mikroelektronika va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar muhokama qilindi.
“Amer International” kompaniyasi raisi Xorijiy investorlar kengashi faoliyatida ishtirok etishi, O‘zbekistonda mintaqaviy ofis ochish hamda qo‘shma innovatsion loyihalarni tezlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Xitoy konglomeratlaridan biri bo‘lgan kompaniya yuqori texnologiyalar, elektronika, yarimo‘tkazgichlar sanoati, konchilik va qayta ishlash tarmoqlaridagi loyihalar bilan shug‘ullanadi.
Kompaniya “Fortune 500” global reytingiga kirgan. Xitoyda va uning tashqarisida umumiy qiymati $60 mlrddan ortiq bo‘lgan loyihalarni amalga oshirmoqda.
Avvalroq Farg‘onada Xitoy ishtirokida elektromobil ishlab chiqarishning birinchi bosqichi boshlanishi rejalashtirilayotgani xabar berilgandi.
Dastlab mamlakatdan elektromobillar olib kelinib, avtosalon ochiladi. Undan keyin esa, viloyat hududida yig‘ish va ishlab chiqarish mahalliylashtiriladi.