O‘zbekistonda Xitoyning Sinxua va Pekin universitetlari filiallari ochiladi. Bu haqda 17-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyevning Xitoy raisi Si Szinpin bilan o‘tgan muzokaralarida qayd etildi.
Uchrashuvda keyingi yillarda Xitoy investitsiyalari hajmi besh barobar, qo‘shma korxonalar soni uch barobar ko‘paygani ta’kidlandi.
Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi 36%ga oshdi. Yil yakunigacha ushbu ko‘rsatkich $10 mlrddan oshishi kutilmoqda. Tovar ayirboshlashni yaqin besh yilda $20 mlrdga yetkazish uchun barcha asoslar borligi haqida fikr bildirildi.
O‘zbekiston yuqori qo‘shilgan qiymatli innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni birgalikda tashkil etish orqali yuqori texnologik loyihalarni ko‘paytirishdan manfaatdorligi bildirildi.
Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish tajribasini o‘rganish va joriy etish borasida samarali tajriba almashish va amaliy hamkorlik qilishga e’tibor qaratildi.
Barcha kelishuvlar ijrosining borishini ko‘rib chiqish maqsadida Hukumatlararo qo‘mitaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish taklif qilindi.
Oktabr oyi oxirida O‘zbekistonda Xitoy madaniyati kunlari, kelgusi yil bahorida esa Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Mamlakat yoshlari orasida xitoy tilini o‘rganishga qiziqish ortib borayotgani qayd etildi. Xitoy tilini o‘qitishni va yosh olimlar o‘rtasidagi almashinuvni kengaytirish rejalari belgilab olindi.
O‘zbekiston prezidenti Toshkentda Xitoyning Sinxua universiteti va Pekin universiteti filiallarini ochishni taklif qildi.
Mintaqaviy kun tartibi va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. “Yagona Xitoy” siyosati hamda “uch yovuz kuch"ga qarshi kurashish borasidagi pozitsiya o‘zgarmas ekani tasdiqlandi.
Uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Xitoyning “Amer International” industrial-sanoat xoldingi raisi Van Venin bilan muzokaralar olib borgandi.