“Telegram” 2024-yil 17-fevralgacha Yevropa Ittifoqidagi qonuniy vakilini tayinlashi kerak, deya xabar bermoqda “TACC” nashri.

Mazkur talab avgust oyida kuchga kirgan Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunidan (DSA) kelib chiqgan holda amalga oshirilmoqda va ekstremistik kontentga hamda ijtimoiy tarmoqlarda zo‘ravonlikni targ‘ib qilishga qarshi kurashishga qaratilgan.

Qayd etilishicha, qonun bilan Yevropa Komissiyasi raqamli platformalarni kuzatish va ular bilan ishlash bo‘yicha o‘z vakolatlarini kengaytirmoqda.

Ushbu qonun ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchi tomonidan yaratilgan umumiy kontent, jumladan ekstremistik kontent yoki zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi noqonuniy ma’lumotlarni o‘chirish uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini talab qiladi.

Yevropada “Telegram” endi foydalanuvchilari tomonidan e’lon qilingan kontentni qat’iy nazorat qilish talab qilinadigan platformalar qatoriga kiradi.

Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun talablariga rioya qilmaslik kompaniyalar uchun jiddiy moliyaviy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Jarimalar kompaniyaning umumiy yillik aylanmasining 6% gacha bo‘lishi va ekstremal holatlarda platforma Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida bloklanishi mumkin.

Mustaqil fakt tekshiruvchilari ishonchsiz deb topadigan kontentni avtomatik ravishda olib tashlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Yevropa Komissiyasi, agar bu ma’lumot noto‘g‘ri ekanligi aniqlansa, algoritm uni avtomatik ravishda o‘chirib tashlashini talab qiladi.


Avvalroq “Spot” “Telegram"da navbatdagi yangilanishlar taqdim etilgani haiqda yozgandi.

Xususan, messenjerda kanallar uchun hikoyalar, hikoyalarda musiqa va stikerlar joylash imkoniyati va boshqa imkoniyatlar paydo bo‘ldi.