Avvalroq “Humo” to‘lov tizimi terminallarida to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar kuzatilayotgani ma’lum bo‘lgandi.

MBPM yuzaga kelgan holat bo‘yicha choralar ko‘rilayotgani hamda yaqin orada barcha nosozliklar bartaraf etilishini bildirdi.

Mazkur vaziyatdan kelib chiqib, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasi yo‘lovchilardan temir yo‘l chiptalarini xarid qilishda “Humo” kartalaridan foydalanmaslikni so‘ramoqda.

“Tizim terminallarida to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar kuzatilayotgani sabab, chiptalarni elektron tarzda rasmiylashtirishda „Humo“ kartalaridan vaqtincha foydalanmasligingizni so‘rab qolamiz”, deyiladi xabarda.

Yuqoridagi vaziyat MBPM bilan kuzatilayotgan birinchi holat emas. Oktabr oyi boshida tizim kartalaridan to‘lov va pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda cheklovlar yuzaga keldi.

MBPM buni “SMS-xabarnoma” xizmatida yuzaga kelgan muammolar sabab kuzatilayotgani bilan izohladi. Undan keyin, barcha nosozliklar bartaraf etilgani hamda mobil ilovalardagi to‘lovlar va o‘tkazmalar odatiy ravishda ishlayotgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, ayrim savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida “Humo” to‘lov tizimi bir necha kundan buyon ishlamayotganini ro‘kach qilib, xaridorlardan karta qabul qilmaslik holatlari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Markaziy bank munosabat bildirib, kompaniya regulyatorni vaziyatdan xabardor qilib, hodisa sabablarini aniqlash uchun barcha zaruriy choralar ko‘rilayotganligi qayd etilgandi.

Regulyator vaziyatni barqarorlashtirish uchun zarur choralarni ko‘rish, karta egalari mablag‘laridan uzluksiz foydalanishini ta’minlash uchun “Humo” terminallari va bankomatlar ishlashiga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha tavsiyalar bergan.